Bir kunda o‘ttizga yaqin oila yarashtirildi
2025-04-30 14:40:00 / Yangiliklar

Viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, shahar va tumanlar hokimlarining o‘rinbosarlari, viloyat prokuraturasi, sud, adliya, majburiy ijro byurosi, IIB mas’ul xodimlari, din ishlari qo‘mita viloyat vakillari ishtirok etgan tadbirda dastlab yig‘ilganlarga “Ota” hamda “Farzand omonat” deb nomlangan qisqa metrajli filmlar namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston respublikasi sudyalar Oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov oila muhiti va axloqi, ota-onalik mas’uliyati, oilaviy qadriyatlari, oilaning jamiyat rivojiga ta’siri, ushbu tadbir mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari—Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Hafiza Artikova boshchiligida viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyalari hamda tumanlardagi sudyalar ajrashish uchun sudga ariza bergan oilalar vakillari bilan yarashtiruv ishlarini olib borishdi. Ayniqsa, yosh oilalarga oila va nikoh munosabatlari muqaddasligi, o‘rtada norasida yetim bolalar sonini ko‘paytirmaslik, bu holatlarning og‘ir oqibatlari xususida batafsil tushuntirish berildi.
Shu kuni nizoli oilalar vakillari bilan olib borilgan huquqiy, psixologik, ma’naviy yordamlar samarasi o‘laroq, 27 ta oilani shu joyning o‘zida yarashtirishga erishildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









