Shofirkon: xitoylik sarmoyadorlar 200 gektar yaylov yerini oʻzlashtirib, chigit ekishmoqda
2025-04-28 18:10:00 / Yangiliklar

Jumladan, Shofirkon tumanida ham shunday istiqbolli loyiha va tashabbuslar, uzoq yillik taraqqiyotga xizmat qiluvchi agroloyihalar ham roʻyobga chiqarilayotgani katta ahamiyatga ega, albatta.
Oʻtgan 2024-yil iyunida tumanda rasmiy davlat roʻyxatidan oʻtgan xitoylik tadbirkor Liu Jengchun boshchiligidagi “Chun Chuan” MCHJ xorijiy korxonasi tomonidan teng manfaatli hamkorlik asosida choʻl massividan 2 211 gektar yer maydoni obod qilinib, moʻl hosil, baraka va bandlik maqsadlarida ekishga tayyorlanmoqda.
Xitoylik investorlar tomonidan olib kirilgan agrotexnika vositalari, tomchilab sugʻorish tizimlari, plyonka usuli va serhosil urugʻlar — bularning bari zamonaviy qishloq xoʻjaligining muhim qismlaridir. Xitoylik mutaxassislar tomonidan dastlabki bosqichda 200 gektar yaylov yer maydoni tayyorlanib, chigit ekish ishlari boshlab yuborildi. Endilikda bu yer qarovsizligicha qolmaydi, balki har bir gektar maydon mahalliy iqtisodiyotga millionlab foyda keltiradi.
Mazkur loyiha umumiy qiymati 18 million AQSH dollariga baholangan boʻlib, 2025-yil yakuniga qadar kamida 7 million dollarlik xorijiy investitsiya oʻzlashtiriladi. Muhimi, bu saʼy-harakat doirasida 60 nafargacha mahalliy aholi vakili uchun doimiy ish oʻrni yaratiladi. Bu nafaqat iqtisodiy oʻsish, balki ijtimoiy barqarorlik hamdir.
—Bugun yurtimizda xorijiy investorlar uchun shunday qulay va ishonchli sharoit yaratilmoqdaki, bu loyiha ham bir tomoni Qizilqum choʻliga tutash tumanimizda ochilayotgan yangi yerlar, qishloq xoʻjaligi uchun yangi davr desak, mubolagʻa emas,—deydi tuman hokimining oʻrinbosari Azamat Rajabov.—Bugun bu maskanda zamonaviy texnologiya asosida chigit ekilmoqda. “Obi hayot” taʼminotiga kelsak, tomchilab sugʻorish orqali suv tejaladi, hosildorlik oshadi. Bu tajriba albatta, oʻzini oqlashiga qatʼiy ishonch bor.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









