Vobkent: latifsobungarlik Anvar Fayziyev pomidor hosilini 4 tonnaga yetkazmoqda
2025-04-28 14:45:00 / Yangiliklar

“Obod xonadon, obod koʻcha, obod mahalla” tamoyili asosida tumanda keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari, ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir targʻibot ishlari kuchaytirilgan. Jumladan, Latifsobungar, Shakarkent, Qipchoq, Xalach, Kumushkent, Bozorjoyi, Kosari, Shohnigor, Changaron kabi mahalla fuqarolar yigʻinlarida tomorqachilik madaniyatini shakllantirish, ularda “Bir kontur—bir mahsulot” meʼzoniga muvofiq sabzavotchilik, koʻchatchilik, qulupnay, karam, sitrus meva, hatto gulchilikda peshqadam boʻlgan mirishkor xoʻjaliklar tajribasini ommalashtirishga eʼtibor qaratilmoqda.
Aynan Latifsobungar mahallasida yerdan unumli foydalanayotgan mirishkorlardan biri Anvar Fayziyev boshliq oila aʼzolaridir. Ayni paytda bu xonadon hovlisida 5 sotixdan iborat issiqxonasi boʻlib, har yili bundan uch marta hosil olinmoqda.
Aytish joiz, fevral oyidan yer tayyorlanib, kartoshka, pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri va turli koʻkatlar ekib yetishtirishga kirishilgan. Oʻtgan yili yakunida xonadon ahli kartoshkaning serhosil navidan 3 tonnaga yetkazib hosil olgan boʻlsa, shu kunlarda kartoshka bilan birga pomidor ekib, bundan moʻl hosilga erishib, xoʻjalikka 80 million soʻm atrofida daromad kiritish koʻzlanmoqda. Issiqxonadagi barcha agrotexnik tadbirlar agronomlar tavsiyasi va koʻp yillik tajribaga asoslangan. Hozirda 1200 tup pomidor koʻchatlaridan pishgan pomidor hosili tomorqaning oʻzidan sotilmoqda. Mavsum oxiriga qadar mirishkorlaro 4 tonna hosil olishni koʻzlashmoqda.
Umuman, oʻtgan 2024-yilgi dehqonchilik mavsumida hududdagi tomorqa va issiqxonalarda umumiy miqdori 8400 tonnadan oshirib pomidor, 1 ming 808 tonna bodring, 8192 tonna kartoshka, 1840 ming tonnadan oshiq karam, 453 tonna bulgʻor qalampiri, 426 ming tonna sarimsoqpiyoz, shivit, kashnich, rediska, ismaloq kabi koʻkatlar, yana 1300 tonnadan oshiq boshqa sabzavot mahsuloti yetishtirilib, elimiz dasturxoniga tortiq qilingan boʻlsa, joriy yilda yetishtirilayotgan sabzavot-poliz mahsulotlari salmogʻi oʻtgan yilgidan aslo kam emas. Erta bahorda ekib yetishtirilayotgan kartoshkadan bu yil 85 ming tonnaga yetkazib hosil olish rejalashtirilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








