Viloyat hokimining oʻrinbosari “qizil” toifadagi mahalla va ulardagi ehtiyojmand yoshlar bilan uchrashdi, oltita murojaat joyida hal etildi
2025-04-28 11:55:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimi topshirigʻiga asosan, har bir rahbar oʻziga biriktirilgan hududdagi mahallaga borib yoshlar bilan, ayniqsa, “qizil” toifadagi mahalla va ulardagi ehtiyojmand yoshlar bilan uchrashib, ularning tashvish-muammolarini bartaraf etish, yaqindan koʻmaklashishi maqsad qilingan.
Shu nuqtayi nazardan, viloyat hokimining oʻrinbosari Amrillo Nazarov Romitan tumanidagi Poyjuy va Qoqishtuvon mahallalarida istiqomat qilayotgan shu toifadagi yoshlar bilan uchrashib, ular tashvish-muammolarini oʻrgandi.
Aytish joizki, aynan Qoqishtuvon va Poyjoʻy mahallalaridan kam taʼminlangan, ehtiyojmand oila farzandlaridan 31 nafari saralangan. Chunonchi, qoqishtuvonlik Ozodbek Avezov, Dilnura Karimova, Malohat Homidova, Majid Toʻxtayev, Quvondiq Baxronov, Saodat Beshimova, Sherali Toʻramurodov, Maftuna Abdullayeva, poyjoʻylik Mahzuna Mustafoyeva, Jamshid Ravshanov, Madina Hotamova, Sadriddin Savriyev, Jahongir Subhonov, Avez Joʻrayev, Ortiq Qoʻchqorov, Dildora Polvonova, Asadbek Sayfiyev singari yigit-qizlar uchun daromad manbaini yaratib berish, ular bandligini taʼminlash choralari koʻrilmoqda.
Tuman mutasaddilari, tegishli tashkilot rahbarlari ishtirokida ikki mahallada manzilli olib borilgan oʻrganishlarda yigit-qizlar mehnat layoqati, xohish-istagi baholangani holda amaliy yordam beriladigan boʻldi. Masalan, qoqishtuvonlik Dilobar Najmiddinova hamda poyjoʻylik Madina Hotamovalarga zamonaviy tikuv mashinalari olib beriladigan, Buxoro davlat universiteti tarix fakultetini bitirgan Shaxzodbek Amrilloyev ishga joylashtiriladigan, Quvondiq Bahronov va Jahongir Subhonovlarga chorvani rivojlantirish uchun tijorat banki tomonidan 200 million soʻmgacha imtiyozli kredit mablagʻi ajratiladigan boʻldi.
Shuningdek, koʻrishda nuqsoni boʻlgan qoqishtuvonlik Sherzod Astanov va poyjoʻylik Asadbek Sayfiyevlar Buxoro shahridagi “Ximchan” tibbiyot klinikasida tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladigan boʻldi.
Umuman, uchrashuvlarda viloyat hokimining oʻrinbosariga yoshlarning bank imtiyozli kredit sarmoyasini olishda amaliy koʻmaklashish, ish bilan taʼminlash, yashab turgan uy-joyini taʼmirlash, bir martalik moddiy yordam ajratish, salomatligini tiklash bilan bogʻliq murojaatlar yoʻllandi. Murojaatlarning 6 tasi shu kunning oʻzida ijobiy hal etildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









