Qorakoʻl: qozonlik chevar Dilnoza Joʻrayeva 15 nafar xotin-qiz bandligini taʼminlamoqda
2025-04-26 12:50:00 / Yangiliklar

Bu kabi saʼy-harakatni izchil davom ettirish, oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, aholining barqaror va qoʻshimcha daromad manbaiga ega boʻlishiga koʻmaklashish maqsadida chekka tumanda imtiyozli kredit mablagʻi asosida ehtiyojmand oilalarning mehnatga layoqatli vakillariga zarur minitexnologiya, uskuna va dastgohlar yetkazib berilmoqda.
Bugunga kelib tumanning Qozon mahallasida 911 ta xonadon, 1214 ta oila va ularda jami 4200 nafarga yaqin aholi vakili umrguzaronlik qilayotgan boʻlib, hududda vaqtincha ishsiz boʻlgan fuqarolarning 368 nafarini doimiy ishga joylashtirish, shuningdek, 279 nafarini yakka tartibda oʻzini oʻzi band qilish, 154 nafarini esa mavsumiy ishlarga jalb qilish chora-tadbiri koʻrilmoqda. Bu borada tuman hokimining mahalladagi yordamchisi tavsiyanomasi asosida 244 nafar fuqaroga oʻtgan yili umumiy qiymati qariyb 5 milliard soʻm kredit sarmoyasi ajratilib, biznes faoliyati uchun moddiy madad koʻrsatilmoqda.
Ayni kunda mahallada 18 ta yuridik maqomga ega kichik korxona, 16 ta yakka tartibdagi tadbirkor va 49 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Shu hududda yashovchi Dilnoza Joʻrayeva ham tashabbuskor sifatida mahalladagi hokim yordamchisining koʻmagi bilan tikuvchilik faoliyatini boshlaganlardan biri. Muhimi, bu loyiha ishga tushgani natijasida mahalladagi ishsiz xotin-qizlardan 15 nafarining bandligi taʼminlanmoqda.
—Tikuvchilik korxonamizga qabul qilingan chevarlarimiz aksariyati hududda kam taʼminlagan oilalar bekalari va qizlari,—deydi tikuv sexi rahbari Dilnoza Joʻrayeva.—Qolaversa, mahallamizda yana oʻnga yaqin xotin-qizni kasanachilik asosida buyurtmalar berib, ishimizga jalb qilmoqdamiz. Daromadimiz asosan, turli andozadagi bejirim ayollar kiyim-kechaklarini tikib tayyorlab berishdan. Tumandagi politexnikum oʻquvchilari, yosh chevarlar ham darsdan soʻng kasb-hunar oʻrganish uchun seximizga qatnamoqda.
Hozirda tuman hokimligi va tadbirkor hamkorligida mazkur tikuvchilik korxonasini qoʻllab-quvatlab, mahsuldorlik, ish oʻrni va daromadni koʻpaytirish choralari koʻrilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






