Kogon: Niyozhojida Lutfullo Hasanov tomorqachilikda koʻplarga oʻrnak
2025-04-26 12:45:00 / Yangiliklar

Mazkur issiqxonalarning aksariyati 1–4 sotixdan iborat boʻlib, yil boʻyi asosan pomidor, kartoshka, piyoz, bodring, karam, sarimsoqpiyoz, qolaversa, limon, apelsin kabi sitrus meva yetishtirilib, xalqimiz dasturxoniga tuhfa etib kelinmoqda.
Bu yoʻnalishda namunali ishlarni amalga oshirayotgan mirishkorlardan biri Niyozhoji mahallasida yashovchi Lutfullo Hasanovdir. Nafaqa yoshida boʻlishiga qaramasdan, mehnatni oʻziga oshno bilgan Lutfullo aka koʻp yildirki, 6 sotixdan iborat tomorqasini yashnatib, roʻzgʻori ehtiyoji uchun sabzavot mahsulotlari ekib yetishtirishni kanda qilmaydi. Bunda unga umr yoʻldoshi, farzandlari yaqindan koʻmaklashmoqda. Mahalla faollari Lutfullo aka singari namunali fuqarolarni eʼtirof etib, tajribalarini boshqalarga targʻib qilishmoqda.
—Shu yil fevral oyida ekin yerimizga oʻgʻit kiritib, haydab, sugʻorib, tayyorlab, serhosil kartoshka urugʻligidan ekib, parvarishlayapmiz,—deydi tomorqa egasi Lutfullo Hasanov.—Shu bilan birga, erta bahordan tomarqamizga baqlajon, bulgʻor qalampiri kabi sabzavot mahsulotlari bilan birga 1,5 sotix yerda qulupnay ekib yetishtirmoqdamiz. Nasib qilsa, birgina kartoshkadan 1 tonnaga yetkazib hosil olsak, qulupnaydan ham yaxshigina hosilni koʻzlaganmiz. Albatta, “holva degan bilan ogʻiz chuchimas”, bular barchasi peshona teri, tinimsiz mehnat ortidan. Avvalo, roʻzgʻor toʻkinligini taʼminlash uchun oilamiz bilan harakatdamiz va boshqalarga ham shuni maslahat beramiz.
Shu oʻrinda chogʻroq yeridan katta daromad olayotgan kogonlik ilgʻor tomorqa egalaridan Sorgʻun mahallasida istiqomat qilayotgan Shuhrat Toʻrayev, Oʻba-Choʻli mahallasida yashovchi Nosir Haydarov, Bahouddin Naqshband mahallasida yashovchi Bahrom Yodgorov, Sarayon mahallasida yashovchi Said Narziyev, Tutkunda mahallasida istiqomat qilayotgan Axtam Fozilovlarni alohida koʻrsatish mumkin. Yil boʻyi astoydil ekin yerida ishlab, kerak boʻlsa “yoʻqni yoʻndirib”, pirovardida peshona teri evaziga barakali hosil yetishtirayotgan aholi xonadonlari mirishkorlari bular. Mazkur xoʻjaliklarda joriy yil qish oylaridan plyonka ostida kartoshka, pomidor, piyoz, bulgʻor qalampiri, yana boshqa mahsulotlar yetishtirilayotganini koʻrish mumkin.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








