“Xotin-qizlarning ijtimoiy va davlat boshqaruvidagi oʻrni” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi
2025-04-25 16:15:00 / Yangiliklar

Bu haqda soʻz borganda, avvalo, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 58-moddasida: “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlaydi”, deb belgilanganini taʼkidlash lozim. Ushbu konstitutsiyaviy kafolatlar bugungi kunda hayotimizning barcha sohalarida oʻz ijobatini topmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ayni jihatlar eʼtirof etildi.
Seminarda davlat va jamiyat boshqaruvidagi ayollarning rolini oshirish va ishbilarmon ayollarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbirda soʻzga chiqqan viloyat hokimi Botir Zaripov yurtimizda, jumladan, viloyatda gender tengligi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtaldi. Taʼkidlanganidek, bugun viloyatimizda har jabhada ilgʻor, tashabbuskor va ibratli xotin-qizlarimiz soni tobora oshib bormoqda. Xususan, Oliy Majlis Senatida 1 nafar, Qonunchilik palatasida 1 nafar, mahalliy Kengashlarimizda esa 103 nafar viloyatimiz ayollari faoliyat yuritishmoqda. Bundan tashqari, viloyatimizda 2395 nafardan ziyod xotin-qizlar turli rahbarlik lavozimlarida ishlab kelishmoqda. Ular vakillik organlari, ijro hokimiyati, sud-huquq sohasi, mahalliy va oʻzini-oʻzi boshqarish tizimlari, nodavlat tashkilotlar hamda tadbirkorlikda qoʻyingki, ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalarida katta kuchdir. Soʻnggi 7 yil ichida viloyatimizda ishbilarmon ayollar safi ham kengayib, oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan tadbirkor xotin-qizlar soni 25 ming nafardan oshdi. Birgina oʻtgan 2024-yilning oʻzida yurtimizda turli bayram sanalari munosabati bilan 20 nafar xotin-qizlarimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlanishdi. Shu bilan birga, viloyat, barcha shahar va tumanlardagi jamoatchilikka, avvalo, yoshlarga tarbiyaviy taʼsir koʻrsata oladigan, obroʻ-eʼtiborli ayollarni oʻz safida birlashtirgan “Oqila ayollar” harakati bugun tom maʼnoda jamiyatimiz ovoziga, mahalla vijdoniga aylandi.
Hozirgi kunda ilm-fan sohasida ham viloyatimizdagi oliy oʻquv yurtlarida jami 500 ga yaqin olima ayollarimiz faoliyat koʻrsatmoqda.
— Bu raqamlar avvalo, qizlarimiz, opa-singillarimizning intellektual salohiyati naqadar balandligidan, agar tegishli sharoit va imkoniyat yaratib bersak, ular har qanday yuksak marrani zabt etishga qodirligidan dalolat beradi, - dedi viloyat rahbari.
Tadbir davomida oʻzining yetakchilik salohiyatiga ega, turli lavozimlar mehnat qilayotgan xotin-qizlar faoliyatini oʻzida aks ettirgan videorolik namoyish etildi.
“Davlat xizmatida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning oʻrni: Buxoro viloyati misolida”, “Jamiyatda xotin – qizlarning ijtimoiy siyosiy faolligini oshirish”, “Davlat fuqarolik xizmatida xotin-qizlarni rahbarlikka maqsadli tayyorlashning tashkiliy-huquqiy jihatlari”, “Ayol rahbarlar uchun hokimlikka yoʻl – muammolar va imkoniyatlar” kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.
Shuningdek, seminarda mazkur yoʻnalishda amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalar yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









