Kogon: Sharipovlar tomorqasida pomidor hosilidan 90 million soʻm daromad koʻzlanmoqda
2025-04-23 14:10:00 / Yangiliklar

Shuningdek, hududda bevosita issiqxona xoʻjaligini barpo etib, unda yilning toʻrt faslida ham barakali hosil yetishtirayotgan xoʻjaliklar ekin yeri 20 gektardan ortiq maydonni tashkil etmoqda. Mazkur issiqxonalarning aksariyati 1–4 sotixdan iborat boʻlib, yil boʻyi asosan pomidor, kartoshka, piyoz, bodring, karam, sarimsoqpiyoz, qolaversa, limon, apelsin kabi sitrus meva yetishtirilib, xalqimiz dasturxoniga tuhfa etilmoqda.
Temiryoʻlchilar tumanida yerning har qarichidan omilkorlik bilan foydalanib, oilaviy ehtiyojlarini qoplash bilan birga, yaxshigina daromad topayotgan oilalar talaygina. Xususan Niyozhoji mahallasi, Kurjan qishlogʻida yashovchi Abdujabbor Sharipov xonadoni ham ana shunday mirishkor tomarqa egalaridan sanaladi. Ayni kunda ekin yerida astoydil mehnat qilib, rizq-roʻz undirishda yaxshigina tajriba toʻplagan Abdujabbor aka hovlisidagi 9 sotixdan iborat ekin yerida ham issiqxona va ochiq maydondan foydalanib, sabzavot mahsulotlari ekib yetishtirib kelinmoqda.
Shu yil boshidan Sharipovlar xonadonidagi ekin yeri va issiqxonasida pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri, ochiq maydonda turli gullar hamda qulupnay yetishtirilmoqda. Oila aʼzolari hamjihatlikda ishlab, albatta, ekin yeridan moʻl hosil olishmoqda. Ular taʼbiricha, tomorqada band boʻlish, ham muhtojlikdan, ham bekorchilikdan, hatto, bezoriliklardan, albatta, daromadsizlikdan saqlaydi.
Tomorqa mehnati daromadsiz qilmagan. Xonadon mirishkorlari bu yilgi mavsumda birgina pomidor hosilidan 90 million soʻm daromadni koʻzlashmoqda. Darhaqiqat, yerga mehr berilsa, ishtiyoq va yaxshi niyat bilan mehnat qilinsa, tomorqa hammani boqadi. Halol mehnatdan roʻzgʻor but, turmush esa farovonlashib boraveradi.
Shu oʻrinda chogʻroq yeridan katta daromad olayotgan kogonlik ilgʻor tomorqa egalaridan Sorgʻun mahallasida istiqomat qilayotgan Shuhrat Toʻrayev, Oʻba-Choʻli mahallasida yashovchi Nosir Haydarov, Bahouddin Naqshband mahallasida yashovchi Bahrom Yodgorov, Sarayon mahallasida yashovchi Said Narziyev, Tutkunda mahallasida istiqomat qilayotgan Axtam Fozilovlarni alohida koʻrsatish mumkin.
Yil boʻyi astoydil ekin yerida ishlab, kerak boʻlsa “yoʻqni yoʻndirib”, pirovardida peshona teri evaziga barakali hosil yetishtirayotgan aholi xonadonlari mirishkorlari bular. Mazkur xoʻjaliklarda joriy yil qish oylaridan plyonka ostida kartoshka, pomidor, piyoz, bulgʻor qalampiri, yana boshqa mahsulotlar yetishtirilayotganini koʻrish mumkin. Ular orasida limon yetishtirishda puxta tajribaga egalari ham koʻpaymoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









