Olot: Usmonshayx mahallasidagi novvoyxonada 5 ta ish oʻrni yaratildi
2025-04-23 13:55:00 / Yangiliklar

Birgina Usmonshayx mahalla fuqarolar yigʻinini olsak, chekka hudud tarkibidagi Zargarqayroq, Qipchoqqorovul, Sheraklar, Qozirabot qishloqlarida bugunga kelib 1100 taga yaqin xonadon, 1390 ta oila va ularda jami 4500 dan oshiq aholi vakili umrguzaronlik qilayotgan boʻlib, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida yaratib berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotganlar safi kengaymoqda.
Shundaylardan biri Ulugʻbek Ergashev ham koʻpdan oʻzi oʻylab yurgan rejasini amalga oshirib, mahallada zamonaviy uskuna va dastgohlariga ega qolipli non pishiradigan novvoyxonasi faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Muhimi, birgina tashabbus tufayli novvoyxonada hozirda 5 nafar fuqaroning bandligi taʼminlanmoqda.
—Oilaviy tadbirkorlik bilan shugʻullanayotganimizga 6 yildan oshibdi. Ayni paytda “buxanka” seximizda kuniga oʻrtacha 5-6 qop undan xamir qorib, talab va ehtiyojga yarasha qolipli non—“buxanka” tayyorlab chiqarmoqdamiz,—deydi ishbilarmon Ulugʻbek Ergashev.—Nonimiz xaridorgir, har kuni ming donadan oshiq nonni savdo doʻkonlari, oshxonalarga yetkazib berib, jamoamiz ishchilari moddiy manfaatdorligini taʼminlayapmiz. Qolipli non ishlab chiqarishda novvoy xizmati, xom ashyo, yaʼni un mahsuloti, novvoy xizmati, qolaversa, elektr energiyasi barqaror taʼminlansa, zamonaviy tandir, yaʼni yuqori haroratdagi “duxovkamiz”dan chiqadigan non ham mazali va xaridorga manzur boʻladi.
Tadbirkor tomoni sexni ikki smenada, kuniga 20 soatgacha “ishlatib”, 3 million soʻmlik mahsulotni aholi xonadonlariga yetkazmoqda. Bunda ishchi novvoylarga kunbay bajarayotgan ishiga qarab, 2-2,5 million soʻm atrofida oylik maosh tayinlangan. Tadbirkor ishlab chiqarishni kengaytirib, qandolat mahsulotlari tayyorlashni ham yoʻlga qoʻyishni rejalashtirgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






