Shofirkon: dorigarlik Ilyos Sohibov uy xoʻjaligi ham koʻrsa havas qilgulik
2025-04-19 18:20:00 / Yangiliklar

Shundaylardan biri Ilyos Soliyevning uy xoʻjaligi havas qilgulik. Bunda xonadon aʼzolari mavjud 8 sotixdan iborat tomorqaning har qarichini yashnatib, unda hosil yetishtirishning uddasidan chiqmoqdalar. Bu yerning 6 sotix qismida shu kunlarda sarimsoqpiyoz va pomidor, 2 sotix maydonda esa kartoshka ekib parvarishlanmoqda. Hademay, yarim tonnadan oshirib kartoshka, boshqa mahsulotlardan ham olinadigan moʻl hosil roʻzgʻor kam-koʻstini qoplashga sarflanadi.
Soliyevlar hovlisining chor atrofida oʻrik, olma, shaftoli, gilos daraxtlari, shuningdek, ekin yeri burchagida 4-5 tup anor butasi yashnab turibdi. Qolaversa, mahalliy aholi udumiga koʻra, hovlida sarxil uzum navlariga mansub tokzor barpo qilingan. Albatta, pishiqchilik mavsumida xonadon dasturxonini toʻldiradigan shirin-shakar mevalar ham shundan.
Xonadon egasi Ilyos Sohibovning bildirishicha, yerdan birinchi hosil yigʻib olingach, tomorqaga mahalliy va mineral oʻgʻit kiritilib, chuqur haydab sugʻoriladi. Ikkinchi hosil uchun almashlab ekish tartibida pomidor, bulgʻor qalampiri, bodring, baqlajon, loviya, oshqovoq kabilar ekiladi. Qarabsizki, kuzga borib yana bir sidra roʻzgʻor uchun kundalik zarur sabzavot mahsulotlari zahirasi yaratiladi. Oʻtgan yilgi mavsumda mirishkor xoʻjalik tomorqasidan 40 million soʻmdan oshirib daromadga erishgan boʻlsa, joriy yilgi dehqonchilik salmogʻi ham bulturgisidan kam boʻlmas.
Qishloq sharoitida bor imkoniyatdan foydalanayotgan Ilyos Soliyevning hovlisi etagidagi ogʻilxonasida ham sogʻin sigiri, boʻrdoqiga boqayotgan qoramoli, yana besh-olti bosh qoʻy-qoʻzisi bor. Tayinki, farzandlar mehnatsevarligidan tuyoq soni koʻpayib, mahsuldorlik oshayotgani bilan birga, roʻzgʻorga baraka kirmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








