Qorakoʻl: qozonlik mirishkor Isroil Joʻrayev intensiv bogʻ barpo etmoqda
2025-04-19 14:30:00 / Yangiliklar

Bu borada viloyatning chekka tumanida kech kuzgi va qishki mavsumda paxta va gʻallachilikda faoliyat yuritayotgan 250 taga yaqin fermer xoʻjaligi dala atroflarida jami 2 million tupdan oshiq mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini oʻtqazish va parvarishlash ishlari uyushqoqlik bilan tashkillashtirilgan. Shundan, 1 million 463 tup tut va 731 ming tup tok koʻchati oʻtqazishga taʼminotchi subyekt, fermer xoʻjaliklari, qolaversa, pilla yetishtiruvchi xoʻjaliklari bilan birga dala-dehqonchilik faoliyati bilan shugʻullanayotgan tomorqa egalari jalb qilingan.
Shuning barobarida fermerlar bilan birga aholi xonadonlari, ekin yeriga ega boʻlgan dehqon xoʻjaliklarida bogʻ-tokzor bunyod etib, mevali va manzarali daraxt nihollari, tok koʻchatlarini oʻtqazib, astoydil parvarishlayotgan dehqon xoʻjaliklari safi kengaymoqda.
Bogʻdorchilik, tokzor parvarishi bilan birga, qator oralarini haydab, mahalliy va mineral oʻgʻitga, “obi hayot”ga toʻyintirib, unda roʻzgʻor ehtiyoji uchun zarur sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirilayotgani ham oʻnlab oilalar moddiy manfaatdorligiga xizmat qilmoqda. Qozon mahallasida yashovchi Isroil Joʻrayev ham tomorqasida bogʻ yaratgan mirishkorlardan.
—Bogʻimizda serhosil toʻrt xil navdagi olma, shaftoli, bodom, gilosning 3 xil navidan, yana oʻrik, olxoʻri va boshqa mevali daraxtlardan 50 tupdan ortigʻini parvarishlayapmiz,—deydi omilkor bogʻbon Isroil Joʻrayev.—Pishiqchilik mavsumi ham yaqin, intensiv usulda parvarishlayotgan nihollarimiz esa hali yosh, endi uchinchi yilga oʻtdi, ammo, shunga qaramay, ularda hosil nishonalari serob. Bunday “pakana” daraxtli bogʻlarda mevani yigʻib-terish ham qulay. Biz ham oilamiz bilan birgalikda 12 sotixli bogʻimizdan barakali hosil olishni koʻzlab mehnat qilmoqdamiz. Qator oralarida esa kartoshka, bulgʻor qalampiri, sarimsoqpiyoz va koʻkatlar ekib yetishtirib, roʻzgʻorni butlayapmiz. Bogʻ ishini rivojlantirib, kelgusida mevani qayta ishlab, ulardan sharbat, murabbolar tayyorlab, xalqimiz dasturxoniga yetkazib berishni niyat qilganmiz.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







