Vobkent: "Bahor Eco Lux" MCHJ oʻtgan yili 200 ming AQSH dollariga teng mahsulot eksport qildi
2025-04-19 12:45:00 / Yangiliklar

Bugunga kelib Xajuvonda 20 dan ortiq tadbirkorlik subyekti oʻz tashabbuslarini roʻyobga chiqarish, savdo, maishiy xizmat koʻrsatish bilan birga ishlab chiqarishni kengaytirib, ish oʻrinlarini koʻpaytirish va moddiy manfaatdorlikni oshirish harakatida.
Shunday tadbirkorlik subyektlaridan biri "Bahor Eco Lux"da yiliga 26,3 ming tonnaga teng suyuq sovun geli tayyorlanib, buyurtmachilarga yetkazilmoqda. 2013-yilning dekabr oyida tashkil etilgan korxonada bugunga kelib 60 nafardan ortiq ishchi-mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Ularning oylik maoshlari esa 2-3 million soʻm atrofida.
Sexlarda kir yuvish kukuni ishlab chiqarish hajmi yiliga 26 ming tonnaga yaqinni tashkil etayotgan boʻlsa, mahsulot sotishdan korxona yiliga 200 ming AQSH dollaridan ortiq eksport manfaatdorligiga erishmoqda. Bu borada Rossiya, Qozogʻiston va Qirgʻiziston davlatlaridagi biznes hamkorlarga gel mahsuloti eksport qilinmoqda.
—Mahallamizda oʻtgan yili oilaviy tadbirkorlik yoʻnalishida 121 nafar fuqaroga 2 milliard 881 million soʻm imtiyozli tartibdagi bank kredit sarmoyasi ajratilgan boʻlsa, birgina asalarichilik tarmogʻini yuritishi uchun 21 nafar tashabbuskorga qiymati 615 million soʻm bank kredit mablagʻi rasmiylashtirilgan,—deydi hokimning mahalladagi yordamchisi Gʻayrat Ostonov.—Xuddi shunday, 10 ta issiqxonachilik yoʻnalishidagi tashabbuskorlar loyihasi uchun 159 million soʻm, parrandachilikni rivojlantirishda 3 ta loyihaga 352 million soʻm, tikuvchilikka layoqati boʻlgan 23 nafar chevarni zarur uskuna—tikuv mashinasi bilan taʼminlash uchun 162 million soʻm, xizmat koʻrsatish tarmogʻidagi 46 ta tashabbusli loyihaga qiymati 1 milliard 956 million soʻm mablagʻ ajratilgan.
Shuningdek, ishlab chiqarish loyihasi bilan chiqqan 4 nafar tashabbuskorga umumiy 96,3 million soʻm, yana talabgorlarga qishloq xoʻjaligi texnikalari xaridi uchun 235 million soʻmga teng bank kredit sarmoyalari ajratilib berilgani natijasida jami 121 nafar hajuvonlik fuqaroga daromad manbai yaratilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









