Buxoro shahri: Sheyxonda gulchi mirishkor Munavvar Barotova bor...
2025-04-19 12:40:00 / Yangiliklar

Mazkur mahallada bugunga kelib 2109 ta oila, 1382 ta xonadon va ularda jami 8 mingdan oshiq aholi umrguzaronlik qilishmoqda. Hududda asosiy tirikchilik manbai xizmat koʻrsatish, savdo, tijorat ishi, aholiga maishiy xizmat tarmoqlaridir. Keyingi yillarda ixcham tomorqa yerini obod qilayotgan Munavvar Barotova ham atigi 2 sotixdan iborat yerida turfa gul koʻchatlarini ekib yetishtirib, mehnatiga yarasha daromad topib kelmoqda.
Doʻlama koʻchasida istiqomat qilayotgan gulchi beka mahalladagi hokim yordamchisining tavsiyasi asosida 35 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻini olib, anvoyi gul koʻchatlari, urugʻ va gultuvaklar xaridiga sarmoya tikkandi. Shunchaki qiziqishdan boshlangan ermak ishi bugun jiddiy maqsadga aylanib, bir xonadonga moddiy manfaat keltirmoqda.
—Uyimizdagi moʻjaz ekin yerimizda yetishtirayotgan gul turlari bugun yuzdan oshgan,—deydi Munavvar Barotova.—Oddiy kaktus va atirgulning bir necha xili, xrizantema, astromeriya, karnaygul, chinnigul va boshqa anvoyi gullardan ekib koʻpaytirib, sotishga ham muvaffaq boʻlmoqdamiz. Oila aʼzolarimiz bilan birgalikda qayerda qanday noyob, oʻzimizga yoqqan gul koʻchatini koʻrsak, albatta, ekib, oʻstirishga harakat qilamiz. Shu faoliyatimiz ortidan oʻtgan yili 150 million soʻmga yaqin daromadga erishibmiz. Aytish joizki, bunday moʻjizakor mehnat ortidan mahalladagi 4 nafar ishsiz fuqaroning bandligini ham taʼminlanlayapmiz.
Tadbirkor ayol tijorat bankidan olgan imtiyozli kredit mablagʻini qoplash arafasida. Shogirdlari esa unga yaqin koʻmakchi boʻlishlari qatorida oʻzlari ham mustaqil gulchilikni boshlab, daromad topishga oʻtishgan. Mirishkor gulchi usta Munavvar Barotova yaqin oylarda faoliyatini kengaytirish harakatida.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





