Buxoroda Favqulodda vaziyatlar vazirligi birinchiligi musobaqalari boʻlib oʻtdi
2025-04-18 12:50:00 / Yangiliklar

Harbiylashtirilgan qismlar shaxsiy tarkibining shoshilinch vaziyatlarda tez va oqilona harakat qilish koʻnikmasini shakllantirishga xizmat qiladigan bu sport turnirida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahridan 19 ta erkaklar va 15 ta ayollar terma jamoalarida jam boʻlgan 300 dan ziyod sportchi ishtirok etdi.
Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Buxoro mintaqaviy futbol akademiyasi, Buxoro davlat universiteti sport maydonlarida tashkil qilingan qizgʻin va murosasiz yongʻin-qutqaruv sporti musobaqalarining yopilish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov, respublika Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari, polkovnik Sanjar Zufarovlar soʻzga chiqib, soha xodimlari, shaxsiy tarkib sportchilari, yongʻin qutqaruvchilarni kasbiy mahorat namoyishi, erishilayotgan yutuqlari bilan samimiy tabrikladilar.
Eʼtirof qilinganidek, yongʻin-qutqaruv sporti boʻyicha murakkab va qiziqarli bellashuvlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan sportchilarimiz xalqaro maydonlarda ham Oʻzbekiston bayrogʻini baland koʻtarib, eng yuksak sovrin va nishonlar sohibi boʻlishlariga, xalqimizning gʻurur va iftixoriga aylanishlariga ishonch bildirildi. Zero, mazkur musobaqa – faqatgina sport raqobati emas, balki oʻzaro tajriba almashish, doʻstlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlash maydonidir.
Respublika turnirida muvaffaqiyatli ishtirok etgan terma jamoalar hamda shaxsiy birinchilikda oʻz mahoratini namoyish etgan gʻolib va sovrindorlar taqdirlandi.
100 metr masofaga estafeta usulida yugurish, ishgʻol qilish narvonida oʻquv minorasiga koʻtarilish, jangovar yoyilish kabi tezkor shartlar boʻyicha sportchilar va jamoalar nomi eʼlon qilindi. Yakkalik jamoaviy bahslarda tezkor harakatlanishi va kasbiy mahoratini namoyish etgan sportchilar va jamoalar faxriy yorliq, medal va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




