Qorovulbozor: Ikrom Qoʻldoshev oilasi 2 gektardan iborat bogʻidan baraka topmoqda
2025-04-18 10:55:00 / Yangiliklar

Ayni kunda hududdagi “Navbahor”, “Tinchlik”, “Boʻzachi”, “Boʻston”, “Jarqoq”, “Imom Buxoriy” hamda “Choʻlquvar” mahalla fuqarolar yigʻinlarida istiqomat qilayotgan oila soni 5 ming 389 taga, xonadon soni 4 ming 632 taga, aholi soni esa qariyb 20 mingga yetgani hudud gavjumlashayotgani, odamlar turmush darajasi oshayotgani dalolatidir. Bugun oʻz taqdiriga befarq boʻlmagan fuqaroga ish izlab uzoqqa borishiga hojat yoʻq, negaki, mahallaning oʻzida daromadbop ish va imkoniyat yetarli.
Bu boradagi ishlarni birgina “Boʻzachi” MFY misolida ham koʻrish mumkin. Mazkur mahallaning Murotobod, Ahillik, Barhayot hamda Navbahor koʻchalarida bugunga kelib 790 ta xonadonda 3300 dan ortiq aholi vakili istiqomat qilmoqda. Tomorqa va ekin yeri mavjudligi, sugʻorishga qulayligi tufayli hudud aholisining aksariyat qismi dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullanib keladi.
Keyingi paytda choʻlquvarlar zaminida bogʻ-tokzor barpo qilish bilan birga qator oralarida sabzavot-poliz mahsulotlarini yetishtirib, roʻzgʻor ehtiyojini qondirayotgan mirishkor xonadon va dehqon xoʻjaliklari soni koʻpaymoqda.
Fermer, dehqon xoʻjaliklari, tomorqa yer egalari tuman kengashi yaqin koʻmagida Boʻzachi mahallasidagi mirishkor Ikrom Qoʻldoshevning 2 gektardan iborat bogʻida qator oralarida kartoshka, sarimsoqpiyoz, pomidor, bulgʻor qalampiri, oshqovoq, yana plyonka ostida qulupnay ekib yetishtirilmoqda.
Toyfi, kishmishi, behishti kabi uzum navlariga mansub tokzor pishiqchilik mavsumiga borib hosilga kirsa, ungacha sabzavotlardan koʻzlangan moʻl hosil yigʻib olinib, mirishkorlar moddiy manfaatdorligi taʼminlanadi. Bir necha oylik mehnatdan soʻng bu bogʻ qator oralaridan jami 15 tonnadan oshirib hosilni saranjomlab olish maqsad qilingan. Xomchoʻt qilinganda esa, bu foyda 40 million soʻmdan ziyod daromad degani.
Tokzorning bir qismida chorva mollari ozuqasi uchun oʻt beda, makkajoʻxori ham ekib yetishtirilayotganidan bilish mumkinki, bogʻ egasi Ikrom Qoʻldoshev oila aʼzolari bilan birgalikda qoramol boqib koʻpaytirish, roʻzgʻorda sut, qatiq, sariyogʻ, goʻsht kabi mahsulotlarni serob qilish harakatida ter toʻkmoqdalar. Izlagan imkon topar, degani shu boʻlsa kerak. Albatta, birgina dehqon xoʻjaligida yetishtirilayotgan mahsulotlardan mahalla ahli ham bahramand boʻlmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






