Viloyatda qishloq tadbirkorligini rivojlantirish loyihasi—eʼtiborda
2025-04-17 19:20:00 / Yangiliklar

Mazkur loyihaning 1.4 - “Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish” sub-komponenti doirasida, qishloq hududlarida ogʻir sharoitda yashayotgan ayollarni iqtisodiy bilim va salohiyatlarini oshirish, tadbirkorlik faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun koʻmaklashish, xususan, yangi biznes ishini boshlashda koʻproq qiyinchiliklarga duch kelayotgan kam taʼminlangan ayollar boshchiligidagi tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ishlarni amalga oshirilishi belgilangan.
Ushbu loyiha doirasida jumladan, viloyatimizda Olot va Peshku tumanlaridan yil davomida ehtiyojmand oilalardan jami 1 ming nafar tashabbuskor ayol guruhlarga boʻlinib, tadbirkorlikka oʻqitilib, ularga oʻz yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislik sirlari oʻrgatilmoqda. Buning uchun birinchi navbatda, guruhlar joylashgan mahallada qanday tadbirkorlik sharoitlari borligi aniqlanadi hamda ayollarga loyiha tomonidan tanlangan tashkilot orqali 6 oy davomida iqtisodiy nochorlikdan chiqarish boʻyicha amaliy koʻmaklashiladi.
Ishtirokchilarga individual biznes maslahatlari, treninglar, mentorlik va xalqaro metodika asosida ishlab chiqilgan amaliy instrumentlar taqdim etilmoqda. Zero, bu loyihaning maqsadi – qishloq ayollari orasida tadbirkorlik uchun qulay sharoit yaratish, kichik biznesni moliyalashtirish, oʻqitish va bozorga chiqish bilan bogʻliq toʻsiqlarni bartaraf etish hamda istiqbolli biznes gʻoyalarni muvaffaqiyatli korxonalarga aylantirishga yordam berishdan iborat.
Mazkur tadbir “Jahon banki”, Buxoro viloyati xokimligi, Qishloq tadbirkorligini rivojlantirish “ikkinchi faza” loyihasi hamda “Ekvita Italiya” halqaro konsultatsiya kompaniyasi koʻmagi bilan joriy yilning 17-aprel kuni Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi binosida boʻlib oʻtdi.
Tadbirda hamkor tashkilotlar, Olot va Peshku tumanlaridagi xotin-qizlar faollari, ayollar daftariga kiritilgan fuqarolar, savdo-sanoat palatasi, Bandlik boshqarmasi, “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi, xotin-qizlar tadbirkorlik markazi masʼullari ishtirok etdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







