Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki missiyasi Buxoroda
2025-04-17 17:10:00 / Yangiliklar

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-avgustdagi “Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokida “Buxoro viloyatining suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish” (2 bosqich)” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori dasturilamal boʻlmoqda.
OIIBning suv va oqava taʼminoti boʻyicha bosh kooordinatori Mehek Marvaha boshchiligidagi mutaxassislardan iborat ishchi guruhi hozirda Buxoroda amalga oshirilayotgan loyiha doirasidagi ishlarni oʻrganmoqda.
Bugun viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashuvda Buxoro viloyati infratuzilmasi tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha bank bilan investitsion hamkorlikni jadallashtirish va bu borada davlatimiz rahbari tomonidan qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida ushbu loyihalar boʻyicha hamkorlikning moliyaviy va texnik jihatlarini rivojlantirishni davom ettirish boʻyicha kelishib olindi.
Buxoro viloyatidagi rivojlanish strategiyasida uy-joy-kommunal xizmatlarini tubdan takomillashtirish va yoʻl tizimini keng koʻlamda modernizatsiya qilish kabi bir qator loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan: unga koʻra, viloyat aholisining ichimlik suvi, kanalizatsiya tizimlari deyarli toʻliq taʼminlanadi va bu maydon zamonaviy va qulay avtomobil yoʻllari tarmogʻi bilan qoplanadi.
Loyihalar OIIB uchun juda jozibador boʻlib, mamlakatning barqaror iqtisodiyotini, uning oʻsib borayotgan reytingini hisobga olgan holda, investitsion muhitni yaxshilashga, fuqarolarning farovonligini oshirishga qaratilgan institutsional va iqtisodiy islohotlarni oʻz ichiga qamrab oladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








