Botir Zaripov “Qaroli”dagi “Yoshlar sanoat zonasi”da boʻldi
2025-04-10 19:40:00 / Yangiliklar

Ayni paytda 185 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Jondor tumanida ham bu boradagi islohotlar shiddati quloch yozmoqda. Endilikda kunora yangi ishlab chiqarish quvvatlari, servis xizmatlari, hunarmandchilik tarmoqlari ishga tushirilyapti. Tumandagi "Qaroli" mahalla fuqarolar yigʻinida tashkil etilgan yoshlar sanoat zonasiga 15 gektar, kichik sanoat zonasiga 30 gektar yer ajratilgan. Ayni damda kichik sanoat zonasida oʻnga yaqin loyiha ishga tushirilgan. Mazkur loyihalar orqali parrandalar uchun ozuqabop granulalar, suyuq kir yuvish vositalari, qurilishbop burama mix, afgʻon qozoni, keramzit ishlab chiqarish kabi loyihalar amaliyotiga keng oʻrin berilgan.
Bugun hududda boʻlgan viloyat hokimi Botir Zaripov sanoat zonasida tadbirkorlar uchun yaratilgan shart-sharit bilan yaqindan tanishar ekan, yosh tadbirkorlardan Suxrob Elliyev tashabbusi bilan tashkil qilingan "Clean billur" MCHJ faoliyati eʼtiboridan chetda qolmadi.
"Clean billur" tadbirkorlik korxonasi idish-tovoq tozalashda ishlatiladigan gellar va suyuq holdagi kir yuvish vositalarini ishlab chiqaradi. Bir yilda 2 milliard donaga yaqin olti turdagi mahsulot savdoga yoʻnaltiriladi. Bundan tashqari, kapsula holida kelgan yarim mahsulot shu yerning oʻzida shishiruvchi moslama yordamida 2,5 va 5 litrli tayyor baklajkalarga qadoqlanmoqda. Korxonaning 12 nafar doimiy va oʻn nafar yollanma ishchisi bor. Ular 2 million soʻmdan 4 million soʻmgacha maosh olishmoqda.
—2019-yilda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida dastlab Buxoro tumanidagi “Shexoncha” MFY da ijaraga bino olib, oilaviy korxona faoliyatini yoʻlga qoʻygan boʻlsak, bugunga kelib “Yoshlar sanoat zonasi”dan auksion savdosi orqali 45 sotix yer maydonini sotib olib, ishchilarimiz sonini 12 nafarga yetkazdik,—deydi "Clean billur" MCHJ rahbari Suxrob Elliyev.—Boshlanishida “Biznesni rivojlantirish banki”dan 60 million soʻm kredit mablagʻini olib, shu ishga tikkan boʻlsak, keyinchalik yana texnologiya va xom ashyo xaridi uchun jami 230 million soʻm, “Ipak yoʻli banki”dan esa 120 million soʻm kredit sarmoyasini rasmiylashtirib olganmiz. Maxsus uskuna va dastgohni vodiy viloyati—Fargʻonadan buyurtma asosida qabul qilganmiz. Dastlabki yilda oyiga 3-5 tonna atrofidagi xom ashyoni qayta ishlab, qadoqlagan boʻlsak, bugunga kelib bir oyda 30 tonnagacha mahsulot qayta ishlanib, “Retro” yorligʻi ostidagi qadoqlangan suyuq gel ishlab chiqarmoqdamiz.
—Doimiy ish oʻrnim boʻlmaganidan "Ayollar daftari"da roʻyxatda turardim. Asosan mavsumiy ishlarni bajarib, tirikchilib qilib kelardik. Mahallaga ish soʻrab chiqqanimda, shu korxonani tavsiya qilishgan. Ishga joylashganimga ham bir yil toʻlmoqda. Qoʻlim ancha rom boʻldi, oyliklarimizni vaqtida olyapmiz. Bayramlarda ragʻbatlantirishadi. Issiq ovqatimiz ham korxona hisobidan. Barchamiz bu yerdagi sharoitlardan mamnunmiz, – deydi korxona ishchisi Ramziya Elova.
Erishilayotgan moddiy manfaatdorlik hisobidan endilikda "Clean billur" MCHJ ishini rivojlantirib, qattiq sovun tayyorlash, assortimentni koʻpaytirishga doir avtomatlashtirilgan texnologiyani keltirib oʻrnatish harakatiga kirishilgan. Tashabbuskor tadbirkorning xomchoʻtiga binoan, buning uchun yana 30 ming AQSH dollari miqdoridagi qoʻshimcha sarmoyaga ehtiyoj bor. Tuman hokimligi va sanoat zonasi direksiyasi qoʻllab-quvvatlasa, loyihani kelgusi yilda toʻla-toʻkis amalga oshirish imkoniyati bor.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







