Shofirkon: “Uchqun-97” fermer xoʻjaligi 1,2 gektar yerda sabzavot mahsulotlari yetishtirmoqda
2025-04-09 18:00:00 / Yangiliklar
Shofirkon tumanidagi “Joʻyrabod” hududida yetmishdan ortiq fermer xoʻjaligi paxta va gʻalla yetishtirishda katta xirmonga munosib hissa qoʻshayotgan boʻlib, ayni kunda hududdagi mavjud 1055 gektar maydonga serhosil paxta naviga mansub chigit ekilib, 3 ming tonnadan oshirib sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo yetishtirish maqsad qilinmoqda.

Hududda har qarich yerdan unumli foydalanib, yuqori hosildorlikka erishayotgan peshqadam fermerlardan biri—Koʻrishkent mahallasida faoliyat yuritayotgan “Uchqun-97” fermer xoʻjaligidir. Mazkur xoʻjalik kech kuzdan boshlab dala chetlari, chel-marzalarni boʻsh qoldirmasdan, tut, jiyda, tol nihollari, tok qalamchalarini oʻtqazib, parvarishiga kirishgan. Hatto xoʻjalik ishchilari ekin yeri chetlarida oshqovoq, sholgʻom, lavlagi ekib yetishtirib, qoʻshimcha daromadga ega boʻlishmoqda. Ayni bahor mavsumida ham mirishkorlar 1,2 gektar ekin yerida turli sabzavot ekinlarini ekib yetishtirib, jamoa aʼzolari roʻzgʻorini bartaraf etish harakatidalar.
Hozirda bu fermer xoʻjaligi 70 sotix yerda oshqovoq, 15 sotix yerda kartoshka, 10 sotix yerda loviya va bulgʻor qalampiri ekib yetishtirmoqda. Erta bahor kunlarida yer tayyorlanib, oshqovoq uchun 4 ming tupga yaqin koʻchat keltirib oʻtqazilib, parvarishiga kirishilgan. Ayish joizki, “Uchqun-97”da yil davomida oshqovoqdan uch marotaba hosil olish tajribasi shakllangan boʻlib, dastlabki ekin mavsumida gektaridan 22 tonnaga yetkazib hosil olish maqsad qilingan. Ertangi mahsulot—oshqovoqning har donasi bozor bahosi esa oʻrtacha 15 ming soʻmdan hisoblanganida, bundan xoʻjalik erishadigan moddiy manfaatdorligini hisoblash qiyin emas. Aniqrogʻi, polizkorlar 150 million soʻmdan oshirib daromadni koʻzlamoqdalar.
Shuningdek, ayni bahorda fermer xoʻjaligida 15 sotix maydonga ekilgan kartoshka uchun 2,8 million soʻm qiymatida urugʻlik xarid qilingan. Parvarish ishlari, sugʻorish, oʻgʻitlash va boshqa agrotexnik ishlar sarf-xarajatini hisoblaganda, umumiy sarmoya 10 million soʻmga yaqinlashgan. Hosil toʻla-toʻkis saranjomlab olinsa, fermer shundan kamida ikki barobar daromad olishni koʻzlab turibdi.
—Qolaversa, 10 sotix yerda ekib yetishtirilayotgan dukkakli mahsulot—loviya uchun esa 100 ming soʻmlik urugʻlik va 1,5 million soʻmga teng texnik xizmat, oʻgʻit sarf-xarajati qilindi,—deydi “Uchqun-97” fermer xoʻjaligi rahbari Anvar Rahmatov.—Taxminiy hisob-kitobga koʻra, pishiqchilik kunlarida loviya mahsulotidan 6 million soʻmdan ziyod daromad olishni rejalashtirganmiz. Yerga mehr berib, agrotexnik tadbirlarini omilkorlik bilan olib borilsa, albatta, yer ham sohibini quruq qoldirmaydi. Tajribamizdan kelib chiqsak, bu yilgi hosildan ham umidimiz katta. Jamoamiz bilan oʻz vaqtida ekdik, obi-tobida ekinni sugʻorib, zarur tadbirlarni olib bormoqdamiz. Nasib qilsa, koʻzlangan moʻl hosilga erishamiz.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







