Vobkent: Sariosiyoda Jamshid Xalilov xonadoni tovuq parvarishidan 1900 donagacha tuxum olmoqda
2025-03-27 21:40:00 / Yangiliklar

Tovuq parvarishini "Sariosiyo" MFY dagi mirishkor oilalar faoliyatida ham koʻrish mumkin. Masalan, yosh tadbirkor Jamshid Xalilov xonadoni keyingi paytda astoydil tovuq boqib, oila iqtisodini oʻnglab oldi. Uch yil burun bu tashabbus mahalla tomonidan ham qoʻllab-quvvatlanib, xonadon sohibiga imtiyozli tartibda berilgan 66 million soʻm kredit mablagʻi evaziga 3000 bosh “loman“ zotli tovuqlar parvarishiga kirishilgan. Hozirda bu xonadonda parranda parvarishi talab darajasida olib borilmoqda.
— Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklarida parranda boqishda zarur tavsiyalar ishlab chiqilgan boʻlib, biz ham shu tajribaga tayanib kam boʻlmadik. Negaki, hozirda tovuqlardan kuniga 1900 donagacha tuxum olayotganimiz bu fikrimiz dalili,—deydi yosh tadbirkor Jamshid Xalilov.—Buni moddiy chamalasak, kuniga qariyb 190 ming soʻm daromad degani.—Faoliyatimizga uch yil toʻlgan boʻlsa, shu muddatda oila aʼzolarimiz bilan birgalikda moʻmay daromadga ham erishmoqdamiz. "Damas" avtomashinasini xarid qildik.
Tovuq oʻsib, rivojlanishi uchun bahor, yoz fasllari qulay muhit boʻlib, parvarishi puxta boʻlsa, kech kuzga borib tuxumga kiradi. Bungacha esa jonivorlarni turli kasalliklardan asrash uchun emlash—dezinfeksiyalash talab qilinadi. Albatta, zotdor tovuq sertuxum boʻladi. Mavjud imkoniyatdan foydalanib, kelgusida qoʻlimizdagi parrandani koʻpaytirib, oilaviy korxonaga asos solish, qoʻshimcha ish oʻrni yaratish niyatidamiz. Hozirda tovuq tuxumlarini xaridorlar uyimizdan har donasini 1000 soʻmdan sotib olayotganliklari ortiqcha ovoragarchiliklar oldini olmoqda.
Umuman, ayni kunda tumanda jumladan, “Mohira Jalol Shirina”, "Umid oil Vobkent parranda" MCHJ, xuddi shunday, “Oqrabod”, “Saʼdullo”, “Orziobod”, “Nuriddin-Murod”, “Tursunbozor Zamini”, “Xolmurod Alisher”, “Zokirbek chorva—2018”, “Neʼmatov Amirbek Rustamovich”, “Najim Toshobod” kabi fermer xoʻjaliklari, shuningdek, “Razzoqova Zarnigor Abdurasulovna” oilaviy korxonasida qishloq xoʻjaligi ekinlari, paxta va gʻalla yetishtirish bilan birga chorvachilik, naslchilik ishlari, boʻrdoqichilik bilan birga tuxum va parhezbop goʻsht yetishtirishda alohida tarmoq rivojlantirilmoqda. Muhimi, bu kabi korxonalar xalqimiz dasturxonini sifatli va arzon tovuq goʻshti mahsulotlari bilan taʼminlayotgani barobarida, yangi ish oʻrinlari yaratilishi, oilalar moddiy manfaatdorligiga xizmat qilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




