Buxoroda qoʻmondonlik-shtab oʻquv mashqi oʻtkazilmoqda
2025-03-26 10:10:00 / Yangiliklar

Unga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Vaziri - Fuqaro muhofazasi boshligʻining tegishli buyrugʻiga asosan reja asosida hamkorlikdagi qoʻmondonlik-shtab oʻquv mashqlarini tashkil qilish belgilangan.
Yuqoridagi vazifalardan kelib chiqib, joriy yilning 26-mart kunidan 28-martga qadar Buxoro shahar va Buxoro tumanida “Boshqaruv organlari, Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi hududiy va funksional quyi tizimlarining Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish boʻyicha harakatlari” mavzusida hamkorlikdagi qoʻmondonlik-shtab oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda.
Qoʻmondonlik-shtab oʻquv mashgʻulotlarining bugungi, birinchi kunida boshqaruv organlari va FVDT xizmatlari ishtirokida mexanizatsiyalashgan yig‘ma komandalarining saf ko‘rigi oʻtkazildi.
Uning ochilish marosimida viloyat hokimi – Fuqaro muhofazasi boshligʻi Botir Zaripov ishtirok etib, oʻtkazilayotgan oʻquv mashqlarining maqsad hamda vazifalariga toʻxtaldi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimining joriy yil uchun asosiy tadbirlar rejasiga muvofiq oʻtkazilayotgan oʻquv mashqlarining maqsadi shartli ravishda Turkmanistonning Lebab viloyati Turkmanobod shahridan 20 km. gʻarbda Rixter shkalasi boʻyicha 9 ballik zilzila sodir boʻlishi, yer silkinishi natijasida Turkmanistonning sharqiy-janubiy hududlaridagi aholi yashash punktlarida oʻrta turdagi vayronalar yuzaga kelishi, avtomobil yoʻllari nosoz holga kelishi, elektr uzatish tarmoqlari ishdan chiqishi, natijada aholi punktlari va iqtisodiyot obyektlari elektr energiyasisiz qolish xavfi tugʻilganda yoki sodir boʻlganda tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish, oqibatlarini bartaraf etishda FVDT hududiy quyi tizimlari boshqaruv organlari, kuch va vositalarining tayyorgarlik darajasini sinovdan oʻtkazish hamda hamkorlikdagi harakatlarini takomillashtirishdan iborat.
Shuningdek, Buxoro shahri va Buxoro tumani hududidagi ayrim aholi yashash joylariga ham sezilarli talofat yetib, aholi oʻrtasida jabrlanishlar borligi aniqlanadi. Kuchli zilzila natijasida aholi orasidagi yoʻqotishlar, aholi yashash punktlarining vayron boʻlishi, texnologik jarayonda kuchli taʼsir etuvchi zaharli moddalar ishlatuvchi obyektlarda buzilish va avariyalar, yongʻinlar, avtomobil va temir yoʻllarida halokat va avariyalar, hududning kommunikatsiya tizimlarida avariyalar sodir boʻlishi nazariy jihatdan koʻrib chiqiladi.
Shundan kelib chiqib, xabar berish tizimining tayyorgarligi va barqaror ishlashini tekshirish, FVDT hududiy quyi tizimi organlarining favqulodda vaziyatlarda funksional vazifalarini bajarish yoʻnalishlarini aniqlashtirish, avariya-qutqaruv va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan vazifalarni bajarishda moddiy-texnik taʼminot masalalarini hal etish, yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda FVDT xizmatlarining hamkorlikdagi harakatlarini koʻrib chiqish oʻquv mashqining asosiy maqsadi etib belgilandi.
Shunga koʻra, uch kunlik oʻquvlar davomida ana shu tayyorgarlik ishlarini yana bir karra nazoratdan oʻtkaziladi.
Qolaversa, tegishli xizmatlarning favqulodda vaziyatlarda harakat qilish boʻyicha bilim va koʻnikmalari, hozirlangan zaxiralari sinovdan oʻtkaziladi.
Tadbirda qoʻmondonlik-shtab oʻquv mashqi gʻoyasidan kelib chiqib xizmatlarning axborotlari eshitildi. Favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishga ixtisoslashgan mexanizatsiyalashtirilgan otryadlarning favqulodda vaziyatlarda harakatlanishga shayligi sinovdan oʻtkaziladi.
Qoʻmondonlik-shtab oʻquv mashgʻulotlari davomida yana qator amaliy tadbirlar hamda maxsus-taktik oʻquv mashqlari oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






