Futbol: “Buxoro” yangi futbolchilarni tanishtirdi
2025-03-22 13:30:00 / Yangiliklar

Taqdimot marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati aʼzosi, Buxoro viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Botir Zaripov, klub rahbariyati, “Buxoro” jamoasi murabbiylar shtabi, asosiy tarkib aʼzolari hamda jamoaning bir guruh ishqibozlari ishtirok etishdi.
Taqdimot marosimida Botir Zaripov soʻzga chiqib, jamoa futbolchilari oldida turgan masʼuliyatli vazifa xususida fikr yuritdi.
— Mana, yangi mavsumni ham boshlab, dastlabki ochkolarni qoʻlga kiritdik. Maqsadimiz bitta — Superligada munosib ishtirok etish va yuqori oʻrinlarni egallash. Zero, 36 yillik shonli tarixga ega boʻlgan, oʻz vaqtida Oliy ligada sovrinli oʻrinlar uchun kurashgan jamoaning tarixini tiklashimiz zarur. Oʻylaymanki, bu yil shakllantirilgan tarkib bilan jamoamiz muxlislar ishonchini oqlash uchun bor kuch-gʻayrati, mahorati hamda imkoniyatlarini ishga solishadi, - dedi botir Zaripov.
Shuningdek, viloyat rahbari bugungi kunda futbolchi va murabbiylar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berilayotganligi ham aytib oʻtib, murabbiy va futbolchilarga yuqori marrani koʻzlagan holda chempionatda faqat yuqori oʻrinlar uchun kurashish va “Buxoro” jamoasining avvalgi shon-shuhratini tiklash vazifasini qoʻydi. Bu borada jamoa aʼzolariga omad yor boʻlishiga tilak bildirdi.
Jamoa bosh murabbiyi Ulugʻbek Baqoyev yangi mavsumga tayyorgarlik jarayonidan qoniqqanligini, Tojikiston, Turkiya kabi davlatlarda uzilishlarsiz tayyorgarlik olib borilganligini qayd etdi va yaratib berilgan sharot-sharoitlar uchun viloyat mutasaddilariga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, murabbiy jamoaning oldiga qoʻyilgan maqsad yoʻlida samarali mehnat qilishini taʼkidladi.
Shundan soʻng jamoaning yangi aʼzolari tanishtirildi va ularga “Buxoro” jamoasi futbolkalari topshirildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









