Buxoro tumani: “AKSA Enerji Bukhara” Arabxona mahallasiga yangi sport zali qurib berdi
2025-03-20 20:40:00 / Yangiliklar

Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi yillarda mamlakatimizda turk sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan qoʻshma korxonalar soni uch baravarga oshib, hozirgi kunda ular soni 2 mingdan oshgan.
Turkiyaning “AKSA Enerji Bukhara” kompaniyasi tomonidan 2022-yilda Buxoro tumani “Rabotiqalmoq” mahalla fuqarolar yigʻinidagi 6 gektar maydonda qurib ishga tushirilgan, quvvati 270 MVt soatga teng boʻlgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi toʻliq quvvatda oʻz faoliyatini olib bormoqda. Umumiy qiymati 150 million AQSH dollariga teng boʻlgan mazkur loyiha Turkiyaning “AKSA Enerji” kompaniyasi tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hisobiga amalga oshirilgan. Hozirda ushbu issiqlik elektr stansiyasi yiliga 2,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, viloyat isteʼmolini qoplashda katta hissa qoʻshmoqda.
Holbuki, soʻnggi yillarda aholi soni barobarida xalq xoʻjaligining turli tarmoqlari uchun isteʼmol sarfi keskin oshib borayotgani bu boradagi talab va ehtiyojni qondirish va qoʻshimcha quvvatlarni ishga tushirishni taqozo etmoqda. Boshqacha aytganda, yangi tajriba va zamonaviy yondashuv asosidagi mazkur loyiha tufayli tarmoqqa qoʻshimcha 270 megavatt hajmdagi quvvat qoʻshildi. Bu esa amalda 1 millionta xonadonni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash imkoni yaratilayotgani dalolatidir.
Aynan Buxoro tumanida tashkil etilgan “AKSA Enerji Bukhara” xorijiy korxonasi xayrli ishga qoʻl urib, Arabxona mahallasida voyaga yetayotgan sportsevar yoshlar uchun 19-sonli umumtalim maktabida zamon talablariga mos yangi sport zalini qurib berdi.
Talabga javob beradigan shinam sport zalini foydalanishga topshirish tadbirida viloyat hokimiing oʻrinbosari Baxtiyor Adilov, shuningdek, “AKSA Enerji Bukhara” xorijiy korxonasi vakillari, mahalla faollari hamda taʼlim dargohi oʻqituvchi va oʻquvchilari ishtirok etdilar.
Tadbirda soʻz olganlar barcha shart-sharoitga ega boʻlgan sport zalini barpo qilishda jonbozlik koʻrsatgan qardosh xalq vakillariga minnatdorchilik bildirib, mazkur sport maskanidan yosh chempionlar yetishib chiqishiga ishonch bildirdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








