Vobkentda Navroʻz shodiyonalari davom etmoqda
2025-03-20 15:10:00 / Yangiliklar

Markaziy oʻyingohda boʻlib oʻtgan bayram tadbirida hududdagi 44 ta mahalla uchun alohida pavilyonlar tayyorlanib, bahoriy noz-neʼmatlar, milliy taomlar va shirinliklar, anvoyi gullar bilan bezatilgan davralar hozirlanib, shoʻx oʻyin-kulgu, qadim anʼana va qadriyatlarimizga xos urf-odatlar, xalq amaliy sanʼatiga mansub hunarmandchilik namunalaridan bahramand boʻlish mumkin edi. Muhimi, viloyatda ilgʻor tumanlardan biri sifatida Vobkentda yashovchi 130 mingga yaqin aholi turmush tarzi farovonlashib bormoqda.
Iqtisodiyotga munosib ulush qoʻshayotgan tumanda yetakchi tarmoqlar qatorida qishloq xoʻjaigi, xususan, paxtachilik va gʻallachilikda band boʻlgan fermer xoʻjaliklari va agroklasterlar faoliyati rivojlantirilmoqda. Jumladan, 332 ta fermer xoʻjaligi paxta va gʻallachilikda band boʻlsa, oʻtgan yili 6 ming 332 gektar maydonda mahalliy iqlimga mos paxta navlari ekilib, 39 ming tonnadan ortiq xirmon koʻtarilgan. Shuningdek, Vobkent tumani dehqon-mirishkorlarining Qorovulbozor tumanidagi “Yangi hayot” suv isteʼmolchilari uyushmasiga birlashgan jami 35 ta fermer xoʻjaligida ham har yili barakali hosil—paxta va gʻalla yetishtirilmoqda.
Ayni kunda tumanda joriy yil hosili uchun 6 ming 661 ming gektar maydonda sara bugʻdoy ekib parvarishlanmoqda. Gʻallakorlarning oʻtgan yilgi xirmoniga nazar solsak, sara bugʻdoy xirmoni 17 ming 245 tonnadan oshgan boʻlib, yana 15 ming tonnadan oshiq boshoqli don fermer xoʻjaliklari moddiy manfaatdorligi uchun sarflangan.
Bundan tashqari, tumanda pilla yetishtirishda ham alohida tajriba maktabi shakllangan. Ipak qurti boqish mavsumida bultur hududda 295 ta fermer xoʻjaligining 2580 nafar, shuningdek, 860 ta xonadondagi kasanachi tomonidan 5 ming 570 quti ipak qurti parvarish qilingani holda 330 tonna atrofidagi “kumush tola” xirmoni barpo qilingan. Bunda har quti hosil salmogʻi oʻrtacha 64 kilogramga yetkazilgan. Bu borada "Kumushkent ipagi" MCHJ buyurtmachi, taʼminotchi va pilla xom ashyosini qayta ishlovchi korxona hisoblanadi.
Hududda masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi "Vobkent tola klaster", “Ekvatorial Chodak” va boshqa korxonalar ishlab chiqarish imkoniyati kengaytirilib, mahsulotlar xorijga eksport qilinmoqda. Shu bilan birga, tumanda jumladan, "Umid oil Vobkent parranda" MCHJ, xuddi shunday, “Oqrabod”, “Saʼdullo”, “Orziobod”, “Nuriddin-Murod”, “Tursunbozor Zamini”, “Xolmurod Alisher”, “Zokirbek chorva—2018”, “Neʼmatov Amirbek Rustamovich”, “Najim Toshobod” kabi ilgʻor fermer xoʻjaliklari, shuningdek, “Razzoqova Zarnigor Abdurasulovna” oilaviy korxonasida qishloq xoʻjaligi ekinlari, paxta va gʻalla yetishtirish bilan birga chorvachilik, naslchilik ishlari, boʻrdoqichilik bilan birga tuxum va parhezbop goʻsht yetishtirishda alohida tarmoq rivojlantirilmoqda. Bu kabi korxonalar xalqimiz dasturxonini sifatli va arzon tovuq goʻshti mahsulotlari bilan taʼminlabgina qolmay, yangi ish oʻrinlari yaratilishi bilan ahamiyatlidir.
Bir yilda Beshrabot, Moʻminobod, Koʻlxatib, Shohnigor, Choʻrikalon, Hajuvon, Xayrxush, Oʻzbakon va Kosari, Quruvchi, Vobkent kabi mahallalar uchun yangi binolar, ijtimoiy soha inshootlari, zamonaviy andozadagi aholi turar joylari qurib foydalanishga topshirilgani oʻnlab xonadonlar, yosh oilalarni behad xursand qildi.
Albatta, obod yurtga bayramu sayllar yarashadi. Tuman aholisi, jamoatchilik vakillari, korxona va tashkilotlar, muassasa va mahallalar masʼullari, yurtimiz xalq xoʻjaligi tarmoqlarida oʻz beminnat xizmati bilan hurmat-eʼtibor qozongan fidoyilar, mehnat faxriylari va albatta, har sohada yetakchilik iqtidorini namoyon etayotgan yoshlar hozir boʻlgan “Yoshlik” oʻyingohida Navroʻz tantanalari qizgʻin tus oldi. Yurtdoshlarimiz katta shodu xurramlik bilan bir-birini qutlab, shu yorugʻ kunlarga yetkazgani uchun shukronalar aytmoqdalar.
Bayram tadbirida milliy kurash musobaqalari, arqon tortish, tosh koʻtarish, dorbozlar tomoshalari elimizga manzur boʻlib, bir tomonda tuman madaniyat uyi badiiy jamoalari kuy-qoʻshiqlari, folklor dastalari, bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻquvchilarining chiqishlari barchaga bayramona kayfiyat bagʻishladi.
Sahnada xushovoz estrada xonandasi Hulkar Abdullayeva ham yurt tinchligi, obod va ozod Vatanni, muhabbatni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlari orqali vobkentliklarni bahor bayrami bilan muborakbod etdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








