Shofirkon: tezguzarlik mirishkor Dilshod Jumayev kartoshkachilikda katta tajribaga ega...
2025-03-11 16:30:00 / Yangiliklar

U navqironlik yillaridan tomorqa yerini boʻsh qoldirmasdan, kartoshka, pomidor, baqlajon, bulgʻor qalampiri, sabzi, piyoz, lavlagi kabi sabzavot mahsulotlarini puxta yetishtirishni oʻrgangan. Keyinchalik kartoshkachilik va gulchilikni kengaytirib, moʻl hosil olish tajribasiga ega boʻlgan mohir tomorqachi hosildorlikni oshirish yoʻlida tinim bilmay izlandi.
Birgina joriy yilgi mavsumni olsak, Dilshod Jumayev 3 gektar maydonda Rossiyada keng ekiladigan, yuqori hosildorligi bilan tanilgan "Kolombiya" navli kartoshka ekib yetishtirmoqda. Bu navning afzalligi shundaki, u 65 kunda pishib yetiladi va har gektardan 40 tonnadan oshirib hosil olish mumkin. Jumayevlar xonadoni esa umumiy hisobda uch oylik mehnat mahsuli sifatida 120 tonnaga yetkazib xirmon koʻtarish harakatiga tushgan.
— Kartoshkaning hosili yaxshi boʻlishi uchun avvalo yer tayyorlash kerak. Ekishdan oldin tuproqqa organik oʻgʻit solinadi. Biogumus, parranda goʻngi yoki mahalliy oʻgʻitdan foydalanish yaxshi natija beradi, chunki u tuproqni yumshatib, hosildorlikni oshiradi. Bunda urugʻlik tanlashda ham eʼtibor zarur, negaki sara urugʻ barakali hosilning kaliti,—deydi Dilshod Jumayev.—Bu yil ekish jarayonida 10 tonna urugʻlik ishlatilgan boʻlsa, bundan oldin tuproqqa 25 tonna biogumus solingani hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi. Kartoshka ekishning maqbul muddati ochiq dalada 10-20-fevral oraligʻiga toʻgʻri kelganidan foydalandik. Albatta, kartoshkachilikda ham muhim jihat bu—agrotexnika talablariga qatʼiy rioya etishdir. Qolaversa, yerni sugʻorish, begona oʻtlarga qarshi kurash va zararkunandalarga qarshi maxsus ishlov berish ham hosil sifati uchun juda muhim.
Jumayev xoʻjaligida bu yilgi ekish jarayoniga 20 dan ortiq ishchi jalb etildi. Texnikalar yordamida dala yeri tekislandi, joʻyaklar tortilib, chuqurliklar tayyorlandi va ekish ishlari risoladagiday oʻtkazildi. Bunda bir xoʻjalikning sarf-xarajati 200 million soʻm atrofida boʻlib, bu mablagʻ urugʻlik, texnik xizmat va mehnat haqlariga sarflanmoqda. Koʻrinib turibdiki, bu mavsumdagi hosildan katta natija kutilmoqda. Kartoshka yigʻib olingach, uni bozorda sotishdan tashqari, bir qismini muzlatgichda saqlab, qishda bozorga chiqarish ham koʻzda tutilgan. Bu dehqonga qoʻshimcha daromad keltirishi bilan birga, bozorda kartoshka taqchilligining oldini olishga xizmat qiladi.
— Biz dehqonlar faqat ekib-yigʻish bilan cheklanmaymiz. Bozorga toʻgʻri vaqtda chiqish, mahsulotni toʻgʻri saqlash texnologiyalaridan foydalanish ham juda muhim. Kartoshka qish oylarida qimmat boʻlishini ham hisobga olib, bir qismini omborga joylashtirsak, bu har tomonlama foyda. Qishda ham aholi dasturxoniga “ikkinchi non” sifatida qadrlanadigan sara mahsulot yetkazish imkoniga egamiz,—deydi mirishkor Dilshod Jumayev.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









