Peshku: 15 sotix yer, 7 ta ish oʻrni, 500 million soʻm daromad
2025-02-25 20:10:00 / Yangiliklar

Koʻrgazmali oʻquv seminari qatnashchilari bugun "Ibn Sino" mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi bir qator mirishkor tomorqachilar xonadonida, issiqxonalarida boʻlishib, ish uslubi, dehqonchilikdagi ish tajribasi, erishayotgan yutuqlari bilan ham yaqindan tanishdilar. Xususan, Avdeni qishlogʻida yashovchi Mustaqim Toshev bir necha yildirki, hovlisi etagidagi ekin yerida issiqxona barpo etgan, yilning toʻrt faslida ham dehqonchilik bilan shugʻullanib, yerdan barakali hosil olish hadisini oʻzlashtirganlardan.
Bugunga kelib Mustaqim Toshev oilasi bilan ishlab, daromad olayotgan issiqxonasi maydonini 15 sotixga kengaytirgan. Sohibi xonadon bu issiqxonada oʻtgan yil mobaynida pomidor, bulgʻor qalampiri, achchiq qalampir, yana “toʻqsonbosti” usulidagi mahsulotlar, koʻkatlar yetishtirib, yaxshigina daromadga erishmoqda.
— Erta bahordan issiqxonamizning bir qismida aholi tomorqachilari uchun pomidor, bulgʻor qalampiri va boshqa koʻchatlarni yetishtirib, sotamiz, – deydi Mustaqim Toshev. — Shu bilan birga, oʻzimiz ham pomidorning serhosil navlaridan ekib, yetishtirib, bir necha oylik mehnatdan soʻng yoz fasli boshlarida hosilni saranjomlab olamiz. Undan soʻng hosildan boʻshagan yerni chuqur haydab, mineral va mahalliy oʻgʻit bilan toʻyintirib, sugʻorish, tuproq unumdorligini oshirish kabi agrotexnik ishlarini bajarib, bir muddat yerga dam beramiz. Shu taxlidda avgust, sentyabr oylarida yana ekishni boshlaymiz. Bu davrda karam, bodring, baqlajon, qolaversa, sarimsoqpiyoz, shivit, kashnich, rediska, ismaloq kabi rezavor koʻkatlardan yetishtirib mahalladoshlar dasturxoniga yetkazib bermoqdamiz.
Issiqxonachilik faoliyati qoʻl mehnatini koʻp talab qilishi, oʻsimlikka intensiv parvarish, suv taʼminoti, biologik ishlovni taqozo etishi bilan mashaqqatli va oʻziga xos murakkab tarmoq. Qolaversa, qishki mavsum issiqxonadagi haroratni bir xilda saqlash, pishib yetilay deb qolgan hosilni nobudgarchiliklarsiz saranjomlab olish dehqondan puxta tayyorgarlikni talab etadi. Shunga qaramasdan, Mustaqim Toshev ayni kunda 15 sotixli tomorqasida 7 kishini ishli qilib, ular koʻmagida oʻtgan yilgi dehqonchilik mavsumida yerdan olgan daromadini 500 million soʻmdan oshirishga muvaffaq boʻlgan.
Shu hududda yana bir namunali tomorqa yer egasi Yodgor Saidovning ham yer bilan “tillashish” madaniyatiga qoyil qolmay iloj yoʻq. Mirishkor yigit oʻz tomorqasida barpo etgan 20 sotixli issiqxonasida shu kecha-kunduzda pomidor yetishtirish bilan band. Aytish joizki, risoladagidek parvarishdan issiqxona yashnab turibdi. Xoʻjalikdagi besh nafar ishchi esa boʻlgʻusi barakali xirmon taraddudida mehnat qilishmoqda. Jamoa uch oy burun 2,5 ming tupdan koʻkartirilgan karam hosilidan yigʻim davrida 8 tonnadan oshirib xirmon koʻtarishning ham udduasidan chiqqan. Bozorda sarxil mahsulot narxini mulohaza qilganda, ular erishadigan daromad choʻgʻi ham chakana emas.
— Peshku tumani misolida olganda, bugunga kelib hududda mavjud mahallalardagi aholi tomorqa yer egalari 31 ming 200 dan oshiq boʻlib, ular tasarrufida mavjud tomorqa yeri 4 ming 594 gektarga yetkazilgan,—deydi tuman Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa–yer egalari Kengashi raisi Jamshid Vohidov.—Shuningdek, hududda bevosita issiqxona tashkil qilib, qishda ham barakali hosil yetishtirayotgan xoʻjaliklar ekin yeri 72 gektardan ziyod boʻlib, aksariyati 3–5 sotixdan iborat bu issiqxonalarda 2024-yil mobaynida jami 3 ming 140 tonnaga yetkazib pomidor, yana shuncha atrofida kartoshka, karam, bodring, bulgʻor qalampiri, sarimsoqpiyoz, qolaversa, limon, apelsin kabi sitrus meva yetishtirilgan.
Umuman, oʻtgan yili peshkuliklar aholi tomorqalarida yetishtirilgan sarxil sabzavot mahsulotlari xirmoni 128 ming tonnadan kam emas. Quvonarlisi, bunda kengayib borayotgan Ibn Sinoliklar issiqxona xoʻjaliklarining ham baholiqudrat hissasi bor.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









