“Buxorosuvtaʼminoti” AJ 25 ta zamonaviy maxsus texnika va mexanizmlarga ega boʻldi
2025-02-20 13:50:00 / Yangiliklar

Oxirgi 6 yilda birgina Buxoro viloyatida Jahon banki kreditlari hisobidan Qorakoʻl va Olot tumanlari aholisi suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha qiymati 139,0 mln AQSH dollar hamda Buxoro va Kogon shaharlari oqava tizimlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha umumiy qiymati 55,0 mln AQSH dollar boʻlgan loyihaning amalga oshirilishi hisobiga viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suv taʼminoti 51 foizdan 73 foizga, oqova xizmati bilan taʼminlanganlik darajasi 9,2 foizdan 15 foizga oshirildi.
Mazkur loyihalarning uzviy davomi sifatida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida jami 633,5 mln AQSH dollar boʻlgan (1-faza 385,1 mln AQSH dollar, 2-faza 248,4 mln AQSH dollar) “Buxoro viloyatining suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi Buxoro viloyatida 195 ta mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi 1 mln 600 ming aholini markazlashgan toza ichimlik suvi hamda 165 ming aholini markazlashgan oqova suv xizmatlari bilan taʼminlashdan iborat boʻlib, bu boradagi ishlar 2026-yilda toʻliq yakuniga yetkaziladi.
Umuman, ikki bosqichdagi ishlar oʻz yakuniga yetkazilganidan soʻng aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 95 foizga, oqova suv xizmatlarini koʻrsatish 40 foizga yetadi.
Loyihaning xaridlar shartnomasi jadvaliga asosan tizimdagi mavjud muammolarni tezkorlik bilan hal etish, faoliyat samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish, aholiga sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida bugun “Buxorosuvtaʼminoti” AJga 25 ta maxsus texnikalar va mashina mexanizmlari olib kelindi.
Maxsus texnikalar eng soʻnggi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan boʻlib, isteʼmolchilardagi ichimlik va oqova suv xizmatlari bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etishda, tarmoqlarga noqonuniy ulanish holatlarini aniqlash hamda bartaraf etishda qulaylik yaratadi.
Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi sektorlar rahbarlari ishtirok etishdi. Botir Zaripov mazkur mashina va mexanizmlar korxonaning moddiy- texnika bazasi mustahkamlashi bilan birga isteʼmolchilarga ichimlik suv yetkazib berish, oqava xizmatlari koʻrsatish, loyiha doirasidagi ishlar sifatini yaxshilashi zarurligi taʼkidladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









