Peshku: Xorkashda yakka tartibdagi tadbirkor koʻpaymoqda
2025-02-15 20:20:00 / Yangiliklar

Tahlillardan koʻrinishicha, toʻrt yil burun chekka tumanda tadbirkorlik subyekti soni 1 ming nafardan oshiqroq edi. Bugunga kelib chekka hududda aholiga savdo va xizmat koʻrsatish, tijorat ishi bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlar vakillari qariyb uch baravarga koʻpaygan. Ishbilarmon doira vakillariga yaratib berilayotgan imkoniyat tufayli ayni kunda “Xorkash” mahalla fuqarolar yigʻinida ham yakka tartibda tashabbuslarini amalga oshirib, avvalo oʻz oilasi uchun daromad manbaini yaratayotgan uddaburonlar safi kengaymoqda.
Jumladan, tuman hokimining Xorkashdagi yordamchisi tavsiyanomasi asosida hududda yashovchi Nargiza Ikromovaga non va non mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi uchun “Xalq banki” tuman filialidan 100 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻi ajratilgan. Bu sarmoyaga zamonaviy andozadagi novvoyxona uchun zarur uskuna va dastgohlarni xarid qilgan tadbirkor “Ikromova Nargiza Rasulovna” YATT ga aylandi. Ayni kunda Nargiza Ikromova oʻzi bilan birgalikda 3 nafar ishchi oʻrni yaratib, daromad manbaiga ega boʻldi. Hozirda bu sexda tayyorlanayotgan qolipli non, patir, shirmon kulcha va pryanik mahsulotlari xaridorini topgan.
Xuddi shunday, xorkashlik yana bir tashabbuskor Otabek Ahmadov ham mahalla maʼmuriyati yaqin yordami bilan 25 million soʻm miqdoridagi imtiyozli kredit sarmoyasiga ega boʻlgandi. U ,,Ahmadov Otabek Akram oʻgʻli” yakka tartibdagi tadbirkor sifatida oilaviy biznesini yoʻlga qoʻyib, avtomobillarga chexol polik tikib oʻtqazish xizmatini taklif etmoqda. Kichik korxonasini kerakli uskuna bilan jihozlagan yigitning ayn paytda mahsulotlariga talab oshmoqda. Avtomobil egalaridan tushayotgan buyurtmalarni oʻz vaqtida va sifatli tikib tayyorlab berish uchun tadbirkor uch nafar yoshni ish bilan taʼminladi.
Aynan Xorkash mahallasida istiqomat qilayotgan Bobir Amonov ham koʻpdan oʻzi oʻylab yurgan tashabbusini ilgari surdi. Hokim yordamchisi tavsiyanomasi asosida “Xalq banki”dan 20 million soʻm imtiyozli kredit mablagʻini olgan yigit oʻz uyida ochgan ustaxonasida stol-stul va mebel ishlab chiqarish texnologiyasini puxta oʻzlashtirmoqda.
Muhimi, shu tariqa ,,Amonov Bobir Toyirovich” YATT sexini zarur texnologiya bilan jihozlab, oilaviy tadbirkorligiga asos solgan tashabbuskor harakati bilan 2 nafar yoshning bandligi taʼminlanmoqda. Bunda yasab tayyorlanayotgan mebel mahsuloti esa mijozlarga manzur boʻlmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









