Buxoro davlat pedagogika institutida xorijiy tillarni oʻrgatish oʻquv markazi ochildi
2025-02-10 12:55:00 / Yangiliklar

Ushbu markazda institut talabalari, mahallalarning band boʻlmagan yoshlari va umumtaʼlim maktablarining 10-11-sinf oʻquvchilari, qolaversa, xorijiy tillarni oʻrganish istagi boʻlgan fuqarolarga chet tillarini bepul oʻqitish oʻquv kurslari faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-oktyabrdagi “Kasbiy taʼlimda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro taʼlim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-158-sonli Farmoniga binoan Buxoro davlat pedagogika institutiga biriktirilgan 3 ta, yaʼni Buxoro pedagogika texnikumi, Qorakoʻl pedagogika texnikumi hamda Kogon tuman politexnikumlarida ham institutning xorijiy tillarni oʻrgatish oʻquv markazi filiallari tashkil qilinmoqda. Bu filiallarda tinglovchilarning chet tilini bilishga doir dastlabki koʻnikmalariga muvofiq guruhlar tashkil qilinadi va barcha uchun bepul oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Xorijiy tillarni oʻrgatish oʻquv markazini foydalanishga topshirish tadbirida universitet va institut professor oʻqituvchilari, jamoatchilik vakillari, talaba yoshlar ishtirok etdilar. Unda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi raisi Shodmon Sulaymon, respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi rahbari Marhabo Pardayevalar oʻquv markazi chet tillarni puxta oʻzlashtirish ishtiyoqida boʻlgan yosh isteʼdod egalari uchun yana bir qulaylik ekanligini taʼkidladilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









