Qorakoʻl: Zarafshonda Olim Jumayev uy xoʻjaligi koʻplarga ibrat...
2025-02-04 14:15:00 / Yangiliklar

—Adashmasam, bundan 20 yilcha oldin, oila aʼzolarimiz bilan birgalikda ikki sotixli yerda issiqxona tashkil qilib, pomidor va bodring yetishtirishni boshlaganmiz. Avvaliga qiziqish sababli boshlagan boʻlsak, sekin-asta, bu yoʻnalishga mehrim ortib, issiqxonachilik hayotim mazmuniga aylandi. Hozir 4 ta kichik issiqxona tashkil qilganmiz va ular hammasida turli xil sabzavot-poliz mahsulotlari bilan birga sitrus meva, limon va apelsin mevasini yetishtirib, daromadga ega boʻlmoqdamiz,—deydi Olim Jumayev.
Darhaqiqat, Jumayevlar xonadoniga kirgan kishining tomorqa va undagi issiqxonadan koʻzi quvnaydi. Har bir qarich yerdan unumli foydalanilmoqda. Bugun issiqxonalarning birida sitrus mevali butalar boʻy choʻzgan boʻlsa, birida gul urugʻlari baravj oʻsmoqda. Yana birida pomidor yetishtirilayotgan boʻlsa, birida bodring allaqachon hosilga kirgan.
Vodiy viloyatlaridan keltirilgan banan daraxti koʻchati hosilini koʻrgan kishida havas hissi uygʻonishi tayin. Olim Jumayev tomorqachiligining ustun jihati, endilikda u yerida banan mevalarini yetishtirishni tajribadan oʻtkazmoqda. Nishona hosil yetishtirilgan boʻlib, joriy mavsumda mirishkor oila bundan oʻrtacha 25 million soʻm daromad olishni niyat qilib turibdi.
Mazkur uy xoʻjaligida limonchilikda ham oʻziga xos tajriba maktabi yaratilgan. Masalan, joriy mavsumda bir tup limon butasidan 450 donaga yetkazib limon mevasi olingani hosil qut-barakasidan dalolatdir. Bu hosilni kilogramga chamalaganda, 90 kilodan kam emas. Boshqacha aytganda, bozordagi oʻrtacha narxdan kelib chiqsak, bir tup limondan 2 million soʻmdan oshiq daromad degani bu. Bunday koʻchatlar issiqxonada 14 tup boʻlib, erishilayotgan moddiy manfaatdorlikni hisoblash qiyin emas.
Olim Jumayev oilasi mirishkorlari gul, manzarali va mevali daraxt koʻchatlari yetishtirish ortidan ham katta daromad olishmoqda. Issiqxonada turli xil navli gul koʻchatlari parvarishlanmoqda.
— Gul koʻchatlari yetishtirish nozik, mashaqqatli, lekin serdaromad ish,— deydi xonadon sohibi Olim Jumayev.—Gul koʻchatlari mavsumga qarab yetishtiriladi. Turli koʻchatlarga turlicha ishlov berib parvarishlanadi. Bu ishni yaxshi bilmagan kishi, yaxshi natijaga erisha olmaydi. Shu bois, bu ish bilan shugʻullanishni istaganlar sohaning oʻziga xos, nozik jihatlarini puxta oʻzlashtirishi muhimdir. Shundagina u bu ish ortidan katta daromad topadi.
Ishni koʻzini biladigan Jumayevlar xonadoni yaqinda mahalladagi hokim yordamchisining tavsiyanomasi bilan imtiyozli kredit asosida olingan inkubator uskunasida tovuq va bedana tuxumini joylashtirib, parranda boqishni yoʻlga qoʻygan. Hozirda 30 boshdan ortiq naslli parranda va 200 boshga yaqin bedana qushlari parvarish qilinmoqda. Birgina bedana tuxumini oʻzidan kuniga 55 ming soʻmdan oshirib daromad olinayotganida ham mehnat, harakat bor, albatta.
Bundan tashqari, xonadon tomorqasida moʻjaz bogʻ ham yaratilgan boʻlib, unda turli xil mevali daraxtlar parvarish qilinmoqda. Xulosa qilib aytganda, Jumayevlar xonadoni bugungi kun talab va ehtiyoji, daromad manbaini teran anglagan oila xoʻjaliklaridan sanaladi. Tomorqadan uunumli foydalanilayotgan uy xoʻjaligida esa mavjud imkoniyatlarni ishga solish ortidan yiliga 80-90 million soʻmga yetkazib daromad olinmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







