Vobkent: qoʻqinlik mirishkor Muhammad Shukurov issiqxonasida limon yetildi
2025-01-28 17:35:00 / Yangiliklar

Tomorqasidagi ekin yeri 3 sotix qismida 40 tup limon koʻchati oʻtqazgan mirishkor kechayu kunduz, vaqt bilan hisoblashmasdan parvarishiga eʼtiborini qaratdi. Sitrus meva butasi ildiz otib, unib oʻsganidan mamnun ishiga zoʻr berdi. Tuproq unumdorligi, biologik parvarish, sugʻorish, qishki mavsumda plyonka ostidagi haroratni moʻtadil saqlagani tufayli bugunga kelib xonadon sohibining mashaqqatli mehnati natijasini berdi. Sitrus meva faqat tropik zonada emas, balki mahalliy iqlim sharoitida serquyosh zamindan bahra olib, juda shirin taʼmli yetilib pishdi. Bugun bogʻbon yigit moʻjaz limonzoridan moʻl hosil olmoqda.
Bu shunchaki havasga aytilgan gap emas: Muhammad Shukurov oʻzi istiqomat qilayotgan "Qoʻqin" mahalla fuqarolar yigʻinidagi hovlisi etagidagi issiqxonasida hosilga kirgan 40 tupga yaqin limon butasidan hademay 5 tonnaga yetkazib hosil olishni koʻzlab turibdi.
— Ochigʻi, issiqxona tuprogʻini tez-tez chuqur ishlov berib, mahsulot yetilish pallasida turli zararkunandalarga qarshi dorilab turilmasa, hosil payi qirqiladi va bu yerdan baraka qochadi. Avvaliga peshma-pesh bodring, pomidor yetishtirib, tuproqni zararli hasharotlarga “oldirib” qoʻyganimdan keyin bir muddat “tanaffus” qilishga, yerni qayta ishlashga toʻgʻri keldi,—deydi mirishkor Muhammad Shukurov. — Mehnatim zoye ketaverganidan keyin dehqon-bogʻbonlar bilan maslahatlashib, limon yetishtirishga qaror qildim. Sitrus mevaning “Mayer” degan navidan topib kelib, ekib parvarishladim. Dastlabki yillarda men faqat nihol-buta oʻstirish bilan jiddiy shugʻullandim. Natijasini esa ikki yildan keyin koʻrdik.
Dehqon tajribasidan koʻrayaptiki, har bir limon butasidan 100 kilogramdan oshirib hosil olish mumkin. Sitrus meva butasi kanal suvi bilan sugʻorilib, issiqxona esa koʻmir bilan isitilmoqda. Albatta, buning zahmati bisyor. Tuproq mahalliy hisoblanadi. Tropik mevani yetishtirish uchun yangi texnologiya yoki oʻgʻit shart emas, biroq, issiqxona hosili ayniqsa, qishki mavsumda sarxilligi, dasturxon toʻkinligini taʼminlashi bilan totli.
– Koʻchatning dastlabki ikki yilida limon butasi yaxshi rivojlanishi uchun gullarni terib, olib tashlash, oʻsishi uchun imkon berish taqozo qilinadi. Bu usuldan foydalanilganda uchinchi yili nihol 20 kilogram, toʻrtinchi yili esa 50 kilogram atrofida hosil bera boshlaydi,—deydi Muhammad Shukurov.—Har yili limonning navi, mevasi mahalliy sharoitda koʻpayib bormoqda. Ayni paytda birgina oʻz issiqxonamizda saranjomlab olinayotgan 3 tonna atrofidagi limon hosili dasturxonimiz toʻkinligi bilan birga, oilamiz moddiy manfaatdorligini ham taʼʼminlamoqda. Shuning orqasidan nabiralarimizni oʻqitdik, kontrakt-shartnoma toʻlovlarini bemalol qopladik, qolaversa, imoratlar solib toʻylar qilmoqdamiz. Mehnatni zimmaga olishning mahsuli, mukofoti shu boʻlsa kerak.
Umuman, Muhammad Shukurovning oilaviy tadbirkorligi katta daromad keltirmoqda. U oila aʼzolari bilan ekin yeri har qarichidan omilkorlik bilan foydalanib, koʻzlangan hosilni olmoqda. Albatta, bu mehnat va mahsulotdan qoʻni-qoʻshni, mahalladoshlar ham bahramanddirlar. Ayni kunda tadbirkor issiqxonada limon yetishtirmoqchi boʻlgan fermerlarga qalamchadan koʻkarib chiqqan limon koʻchatlarini sotmoqda. Bu jarayonda esa uning oʻzi boshlovchi havaskor bogʻbonlarga yaqin maslakdosh.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






