Shofirkon: besh sotixli issiqxona... Kalonda bir oila daromad manbaiga aylangan
2025-01-28 09:40:00 / Yangiliklar

Ayni kunda bu oilaning 5 sotixdan iborat issiqxonasi ularning daromad manbaiga aylangan. Bu yerda 3 sotix maydonda shu kunlarda plyonka ostida sabzi ekib yetishtirilayotgan boʻlib, hademay 1,5 tonna hosil olinishi rejalashtirilgan. Qolgan 2 sotixli yerda esa sarimsoqpiyoz ekib yetishtirilmoqda. Bundan tashqari, ochiq maydonda 3 sotix yerda yana sarimsoqpiyoz yashnab turibdi. Umuman, bu rezavordan qoʻshimcha 1 tonna atrofida hosil olish moʻljallanmoqda.
Obloqulovlar oilasi dehqonchilik bilan chegaralanib qolmay, bogʻdorchilikda ham faol. Ularning bogʻida 200 tupdan ortiq mevali daraxt parvarishlanayotgan boʻlib, bu oilaga qoʻshimcha daromad keltirmoqda. Qishki mavsumda ham daraxtlarni tartibga keltirish, tagini oqlash, yerni xas-xashakdan tozalab, chilla suvidan qondirib sugʻorish, bir soʻz bilan aytganda, joriy yilgi hosilga zamin hozirlash kabi ishlar davom ettirilmoqda.
Furqat Obloqulov va uning turmush oʻrtogʻi Ziroat Saidova toʻrt nafar farzandi bilan birgalikda uy xoʻjaligida chorvachilikni ham muvaffaqiyatli olib borishmoqda. Ular ogʻilxonasida 3 bosh qoramol, albatta, sigit-buzoq, yana qoʻy-qoʻzi boqib parvarishlanmoqda. Bundan koʻrinadiki, roʻzgʻorga zarur sut, qatiq shundan muhayyo qilinmoqda.
Muhimi, kundalik daromadli ishda band boʻlgan oila aʼzolari xorijiy davlatdan ish izlab, ovorayu sarson boʻlmasdan, shu yerda, oilalari bagʻrida ehtiyojlariga yarasha imkoniyat yaratib, yer bilan “tillashib”, astoydil ishlab kam boʻlishayotgani yoʻq. Oila sohibi Furqat Obloqulov esa shu kunlarda motokultivator sotib olish harakatiga tushgan. Negaki, erta bahor mavsumida ekin yerini obod qilish, moʻl hosil yetishtirishga zamin hozirlash uchun avvalo yaxshi mehnat quroliga ega boʻlishi kerak. Bu borada esa unga mahalladagi hokim yordamchisi yordamga keldi. Uning tavsiyanomasi asosida Furqat Oboloqulovga bank imtiyozli kreditini ajratishga qaror qilindi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









