Olot: “Xalifa”da Safarovlar oilasi broyler joʻja boqib, katta daromadga erishmoqda
2025-01-25 13:00:00 / Yangiliklar

Bu borada Olot tumanida ham biznes tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanib, aholi dasturxoni toʻkinligi, parhezbop goʻsht va tuxum yetishtirish hajmi oshirilmoqda. Jumladan, "Xalifa" mahalla fuqarolar yigʻinida oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyib, yaxshi daromadga ega boʻlayotgan oilalar safi kengaymoqda.
—Parrandani bejiz “yetti xazinaning biri”, deya atashmaydi, chunki tovuq boqib, parhezbop goʻsht va tuxum yetishtirish turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladigan daromad manbai hamdir. Koʻpchilik tovuqni fermada yoki alohida keng joyda boqish foydaliroq deb oʻylaydi,—deydi mirishkor parrandaboqar xonadon sohibasi Dilobar Safarova.—Aslida, tovuq parvarishi alohida maydon taqozo qilmaydi. Qishloqlardagi har bir xonadonda bu serdaromad biznesni yoʻlga qoʻyish mumkin, faqat bunga astoydil mehnat qilinsa, kifoya.
Ayni kunda oilamiz bilan broyler joʻja yetishtirishni boshlagan boʻlsak, bu jarayonda zooveterinariya, emlash va ozuqa ratsioniga qatʼiy amal qilib, aholi isteʼmoli uchun tabiiy toza mahsulot yetishtirishga harakatidamiz. Boshida bu tadbirkorlik faoliyatini 2 ming 500 bosh broyler joʻja bilan boshlagan boʻlsak, bundan bir oydan koʻproq muddatda moʻmay foydani qoʻlga kiritdik.
Endilikda navbatdagi “partiya”dan aniqrogʻi, qirq kunlik yetishtirish davridan soʻng joʻjalar tayyor boʻlgach, bozorga chiqarib, har bir kilogram goʻshtini 28 ming soʻmdan sotishni moʻljallab turibmiz. Joyimiz keng va tovuqni talab darajasida parvarish qilayapmiz. Hisob-kitob qilib koʻrsak, 2 oyda bitta broyler joʻja boqish uchun oʻrtacha 30-35 ming soʻm xarajat qilinar ekan. Har bir joʻja ikki kilogram atrofida goʻsht qilsa, 35-40 ming soʻm daromad olishga yaqinmiz. Umumiy hisobda, ikki oyda roʻzgʻorimizga oʻrtacha 50-60 million soʻmga yaqin foyda kiritish imkoniga egamiz.
Broyler joʻjalari uchun katakdagi harorat asosiy omil hisoblanib, bunda haroratni meʼyorida saqlash kerak. Harorat oʻzgarganda, joʻjalar orasida oʻsish va rivojlanishda tengqurlaridan orqada qolish, immunitet tizimi tushib ketishi hollari kuzatilishi mumkin. Bu esa mahsulot salmogʻiga taʼsir etadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









