“Akbarjon Barakat” MCHJ respublika tanlovining “Gender eng faol tadbirkorlik subyekti” nominatsiyasi gʻolibi
2025-01-17 22:30:00 / Yangiliklar
Joriy yilning 16-yanvar kuni poytaxt Toshkent shahrida “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining respublika bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. “Gender tenglik faoli” milliy tanlovi Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha Respublika komissiyasi tashabbusi bilan har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinadi.
Zero, Jahon banki indeksida Oʻzbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etilgan. Ochiq gender maʼlumotlar indeksida eng yaxshi 20 ta davlat qatoridan joy olgan. Gender tenglik va boshqaruv indeksida esa 103-oʻrindan 51 pogʻonaga koʻtarilib, 52-oʻrinni egallagan.
“Gender tenglik faoli” milliy tanlovida ishtirok etish uchun 934 ta tashkilot va muassasa tomonidan hujjatlar taqdim etilgan. Ular tanlov Komissiyasi tomonidan nizom talablari asosida baholanib, 10 ta nominatsiya boʻyicha gʻoliblar eʼlon qilindi. Quvonarlisi, mazkur tanlov gʻoliblari qatorida Buxoro viloyati vakili “Akbarjon Barakat” MCHJ ham bor. Mazkur ishlab chiqarish subyekti respublika tanlovining “Gender eng faol tadbirkorlik subyekti” nominatsiyasi gʻolibi deb topilib, diplom va esdalik sovgʻasiga ega boʻldi.
Faoliyatiga toʻxtalsak, mahsulot eksporti bilan shugʻullanayotgan korxonalarga koʻmaklashish maqsadida oʻtgan yili Kogon shahridagi “Akbarjon Barakat” MCHJ tomonidan 700 ming AQSH dollari miqdoridagi bank kredit mablagʻi hisobidan ishlab chiqarishga zarur xom ashyo, yaʼni Qozogʻiston respublikasidan 2500 tonna bugʻdoy olib kelinib, konveerga yoʻnaltirilgan.
—Faoliyatimizning qariyb 2,5 yillik davrida elimiz dasturxoni uchun har biri 50 kilogramga teng boʻlgan, rangli qoplarda qadoqlab chiqarayotgan “Volidam”, “Nur”, “Parvona” brendiga mansub birinchi navli unimiz allaqachon oʻz xaridorlarini topdi,—deydi “Akbarjon Barakat” MCHJ rahbari Amirbek Bozorov.—Mazkur loyihaga kelsak, bir necha yil burun Kogon shahrining Xoʻja bargi koʻchasi yoqasida, boʻsh yotgan yerdan 5,9 gektarini oʻz tasarrufimizga olib, qurilishni boshlaganmiz. Buning uchun bizni “Qishloqqurilishbank” viloyat filiali 2 million AQSH dollaridan ziyod imtiyozli kredit mablagʻi bilan qoʻllab-quvvatlagan. Bu sarmoyaga bugʻdoyni qabul qilish tarozixonasi, qayta ishlash sexi, omborxona qoʻshimcha sexlarni qurib bitirib, zarur uskuna va dastgohlar bilan jihozladik.
Korxonada ishlab chiqarish quvvati oshirilayotgani hisobidan ishchi soni koʻpaytirilib, 70 nafarga yetkazilgan. Ular kuchi bilan kuniga 120 tonna sara bugʻdoyni qabul qilib, qayta ishlayapmiz. Bu degani, korxona tegirmonida kuniga 75-80 tonna atrofida birinchi va ikkinchi navli unni qadoqlab sotuvga chiqarilayotgan boʻlsa, ikkilamchi mahsulot sifatida kepak, yana bugʻdoy qipigʻidan mahallaiy chorvadorlar, mayda shoxli mol boqadigan xoʻjaliklar uchun ozuqa birligini tayyorlab yetkazilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati