Olot: Yoʻldosh Odilov ota kasbini ulugʻlab, temirchilikda kam boʻlmadi...
2025-01-13 18:15:00 / Yangiliklar

Aslida, har bir qishloqda oddiy sartarosh, kosib-koʻhnadoʻz, usta duradgor yoki shunga oʻxshash hunarmandlar qatorida temirchiga talab va ehtiyoj yuqori boʻlgan. Negaki, yil boʻyi dala-dehqonchilik ishlari temirchi va uning qoʻlidan chiqadigan asbob-uskunalarisiz bitmagan.
Ayni kunda Burjoqda Jabbor temirchining ustaxonasi chirogʻini oʻgʻli Yoʻldosh Odilov dadil davom ettirmoqda. U yoshligidan otasi etagidan tutib, temirchilik hunarini puxta egallagan. Boshqacha aytganda, hovli chetidagi gavjum ustaxonadan kechayu kunduz sangdonu temirning ovozi jaranglab turgan oiladan qanday qilib temirchi chiqmasin ?!
—Oʻtgan asr saksoninchi yillari, yaʼni bundan 40 yillar burun oʻzim mustaqil temir bilan ishlab, ketmon, oʻroq, pichoq, qaychi va boshqa turdagi uskunalarni tayyorlashni boshlaganman,—deydi usta temirchi Yoʻldosh Odilov.—Mana, shundan buyon otam eʼzozlagan hunarni puxta egallab, mahallada tanildim. Shu kasbim orqasidan oila boqib, halol mehnat bilan elda izzat-hurmat qozondim. Yaxshi bilamizki, qishloq joyida ish qurolisiz yashash juda qiyin. Bozorga ham ketmon, belkurak, kapgir kabi mehnat qurollarini yasab, olib chiqib sotishga topshiramiz. Har bir uskunaning oʻz mavsumi bor. Masalan, erta bahor ekin-tikin mavsumida ketmon, belkurak va shunga oʻxshash vositalarga buyurtma koʻpaysa, keyinroq oʻroqka talab oshadi. Sangdonda issiq olovda qovjirab pishgan temir bilan ishlash menga maroqli, har bir bolgʻa solganda, eshitiladigan temir jarangi menga otamni eslatadi.
Yaxshiyamki, oramizda usta temirchilar bor. Ular yasab beradigan ketmonsiz dehqonning, teshasiz ustaning, pichoqsiz oshpazning ishi bitmaydi. Bugungi tezkor zamonamizda oʻz milliy, qadimiy hunarlarini yanada mukammallashtirib, el mushkulini oson qilayotgan temirchilarimiz temirni qizigʻida bosib, oʻz mehnatlaridan sharaf topib yuraversinlar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









