Buxoro tumani: sohibkorliklar mayiz yetishtirishda ham ilgʻor
2025-01-09 19:30:00 / Yangiliklar

Erta bahorda tok ochishdan boshlab, tokzorni parvarishlash, sugʻorish, qaysi payt oʻgʻit berish, qanday qilib xomnart qilish, hosilga kirgandan keyin qanaqa eʼtibor kerak, xullas, barcha agrotexnik jarayonni yaxshi bilishadi.
Aniqrogʻi, oʻtgan yili Sohibkor mahallasida turli navga mansub uzum yetishtirilgan tokzor maydoni 300 gektarni tashkil etgani yuqoridagi fikrimiz dalili. Mehnatkash aholi esa keng dala maydonlarida erta bahordan kech kuzga qadar bogʻ ishi, uzum yetishtirish bilan mashgʻul. Chunki, aksariyat aholining asosiy daromad manbai ana shu dehqonchilik ortidan, tokzor daromadi, uzum va mayiz yetishtirishdandir.
Mahallaning Charos qishlogʻida yashovchi Anvar Sharipov qariyb 30 yildirki, oilaviy tarzda bogʻ-tokzor parvarishi, uzumchilik va mayiz tayyorlash bilan shugʻullanadi. Oilaning asosiy daromadi boʻlgan tokzor bogʻda esa hatto qishda ham zarur agrotexnik tadbirlar talab darajasida olib borilmoqda.
— Mahallamiz uzum yetishtirishga ixtisoslashgan, qarindoshlarimiz bogʻdorchilikda band boʻlganidan biz ham yoshligimizdan uzumchilik bilan mashgʻul boʻlib, ayni kunda bogʻimizni kengaytiryapmiz. Shu tufayli hosilni saranjomlaganimizdan keyin qishki mavsumda mayiz tayyorlashni yoʻlga qoʻydik, – deydi Anvar Sharipov. — Uzumni oʻzini sotishdan koʻra, biroz mehnati ogʻir boʻlsada, mayiz qilib sotish foydaliroq ekanini tushunib yetganmiz. Yaxshi mehnat qilinsa, uzumning navi yaxshi boʻlsa, suvi va oʻgʻitini oʻz vaqtida berib, parvarishlab turilsa, 1 gektar uzumzor hosilidan tayyorlangan mayizdan 90 million soʻm atrofida daromad topish mumkin.
Umuman, hozirda Buxoro tumanida faoliyat yuritayotgan 300 dan ortiq fermer xoʻjaligida dala chetlari, yer maydoni atroflari, ariqlar boʻyini obod qilib, sabzavot-poliz mahsulotlari, mevali va manzarali daraxt nihollarini oʻtqazish bilan birga, albatta, tok koʻchatlarini ekib koʻpaytirish talabi qoʻyilgan. Hozirda bu tumanda 3 ming 155 gektar bogʻ-tokzor parvarishlanayotgan boʻlsa, shundan 2 ming 47 gektarini mevali bogʻ, 1 ming 108 gektarini esa tokzor tashkil etmoqda. Borayotgan saʼy-harakatga koʻra, uzumzor bogʻ sathi kengaytirilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







