Olot: Anvar momo Umirova 74 yoshida ham issiqxonada mehnatda
2025-01-08 10:30:00 / Yangiliklar

Xususan, "Jayxunobod" mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Anvar momo Umirova farzandlari va nevaralari koʻmagida hovli etagidagi ekin yerining 6 sotix qismida issiqxona barpo qilgani avvalo roʻzgʻor tashvishini bartaraf etmoqda. Shu kunlarda ham issiqxonada ish qizgʻin, oila aʼzolari onaxon boshchiligida 2 ming 400 tup "Ferrari" naviga mansub bulgʻor qalampirini ekib parvarishlamoqdalar.
— Mehnat qilgan odam hech qachon kam boʻlmasligini oʻzimiz kundalik ishimiz, issiqxonamizda yetishtirayotgan mahsulotimiz, shundan topayotgan daromadimiz misolida koʻrmoqdamiz,—deydi 74 yoshli Anvar momo Umirova.—Koʻp yildirki, oʻgʻillarim va nabiralarim bilan issiqxona xoʻjaligida samarali ishlab daromad koʻrmoqdamiz. Farzandlarim dehqonchilik hadisini yaxshigina oʻzlashtirishganidan xursandman. Negaki, “holva degan bilan ogʻiz chuchimaydi”, faqat hadlol mehnat, peshona teri evaziga issiqxonada hosil yetishtirish mumkin. Hademay, bulgʻor qalampirining har koʻchatidan 1,5 kilogram atrofida, yaʼni umumiy 3,5 tonnadan oshirib hosil yetishtirish harakatidamiz.
Albatta, oila mehnatkashlari oʻz ehtiyojidan ortgan mahsulotni bozorga chiqarib sotishadi. Qishki mavsumda esa sara bulgʻor qalampirining har kilogrami narxi oʻrtacha 30 ming soʻmdan hisoblansa, bu xirmondan birgina oilaning erishadigan moddiy manfaatdorligi 105 million soʻmdan kam emas. Oila bekasining aytishicha, issiqxonadagi mehnat kishi salomatligi uchun ham koni foyda, pishib yetilgan hosilni saranjomlash paytidagi zavqni esa hech narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi.
Bugun piru badavlat bir oiladagi onaxonning gʻayrat-shijoati nafaqat farzandlari, balki mahalladoshlariga ibrat-namuna desak, mubolagʻa emas. Vaholanki, Anvar momo Umirova xonadonida kasb-kori turlicha boʻlgan oʻgʻil-qizlar, qolaversa, nevaralar ishdan ortib issiqxonada mehnat qilishdek zalvorli yukni zimmalariga olishgani bu oiladagi omilkorlik, barqaror ishchanlik muhitidan dalolat. Shuning uchundir, oila dasturxoni toʻkin, turmushi farovon, rizq-nasibasi esa butundir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







