Sarhisob: viloyat MMTB faoliyati ommaviy axborot vositalari nigohida
2024-12-26 22:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda boshqarma boshligʻining oʻrinbosari Baxtiyor Toʻev va Hidoyat Jumayevalar tomonidan keng qamrovli faoliyat, viloyat shahar va tumanlaridagi taʼlim dargohlari moddiy-texnik imkoniyatlari, oʻqitish uslubi, qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berildi.
Aytish joizki, yakunlanib borayotgan 2024-yil xalq taʼlimi tizimidarespublikada oʻz oʻrni va mavqeiga ega Buxoro viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi uchun ham samarali davr boʻldi.
Jumladan, maktabgacha taʼlim tarmogʻini olsak, ayni paytda viloyatimizdagi mavjud 2 143 ta maktabgacha taʼlim tashkilotidan 492 tasi davlat, 1517 tasi oilaviy, 113 tasi davlat xususiy sheriklik asosidagi va 21 tasi xususiy taʼlim tashkiloti hisoblanadi. Joriy yilda joylarda aholi talab va ehtiyojidan kelib chiqib davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti soni 17 taga, oilaviy MTT soni 265 taga, DXSH asosidagi taʼlim tashkiloti soni 16 taga, xususiy MTT soni esa 3 taga oshgani quvonarli, albatta.
Mazkur maktabgacha taʼlim tashkilotlariga viloyatimiz aholisining 3-7 yoshdagi jami 156 ming 695 nafar jajji farzandidan ayni kunda umumiy hisobda 135 mingdan oshigʻi, yaʼni 86 foizi qamrab olinmoqda. Aytish joizki, joriy yilda chekka mahalla va qishloqlarimizda bogʻcha yoshidagi jajji oʻgʻil-qiz uchun qoʻshimcha 7 ming 683 nafar bola oʻrni yaratildi. Umumiy qiymati 44 milliard 700 million soʻm mablagʻ evaziga amalga oshirilgan mazkur loyihalar natijasida 1 ming 170 nafar tarbiyalanuvchi doimiy bandligi taʼminlanmoqda. Yangidan tashkil etilgan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 4 ming 966 nafar qoʻshimcha bola oʻrni yaratildi.
Bugunga kelib viloyatdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida jami 11 ming 383 nafar pedagog-tarbiyachi faoliyat yuritayotgan boʻlib, ularning 4 ming 955 nafari, yaʼni 43 foizi oliy, 6 ming 428 nafari, yaʼni 56 foizi oʻrta maxsus maʼlumotli pedagoglardan iborat.
Joriy yilda maktab taʼlimi tizimida erishilgan natijalar ham ancha salmoqdor. Tahlillarga nazar solsak, ayni kunda viloyatda 546 ta davlat va 32 ta nodavlat umumtaʼlim maktabi faoliyat yuritayotgan boʻlib, ularda jami 333 ming 284 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda. Viloyatimiz umumtaʼlim muassasalaridagi pedagoglar soni 30 ming 645 nafarni tashkil etib, ularning 5 ming 742 nafari, yaʼni, 18,7 foizi oliy, 8 ming nafari yoki 26 foizi birinchi toifali kadrlar hisoblanadi.
Shuningdek, yangi tartibdagi ommalashtirish platformasi orqali 370 nafar oʻqituvchining ish tajribasi tuman, 115 nafar oʻqituvchining ish tajribasi viloyat, 14 nafar oʻqituvchining ish uslubi respublika miqyosida ommalashtirilmoqda. Eʼtiborlisi, bugun maktablarda faoliyat yuritayotgan rus tili, ona tili, matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya fani oʻqituvchilarining 3 ming 918 nafari fanni bilish boʻyicha milliy va xalqaro sertifikatlarga ega. Ayni paytda 1 ming AQSH dollaridan ortiq miqdorda oylik maosh olayotgan oʻqituvchilar safi 240 nafardan oshdi. Bu esa oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 130 nafarga koʻp demak.
Taʼlim sifatini oshirishda oʻqituvchilarning malakasini yuksaltirish muhim ahamiyatga ega. Maktablarda xorijiy tillarni oʻrgatishda ham bu jihatga alohida eʼtibor qaratilgan. Ayni paytda mavjud xorijiy til oʻqituvchilarining 2 225 nafari, yaʼni 74,2 foizi xalqaro hamda milliy sertifikatga ega. Bu salmoq oʻtgan yilga nisbatan 18 foizga oshgani bilan ahamiyatli.
Tizimda ilgʻor xalqaro tajribalardan samarali foydalanish, yangi zamonaviy taʼlim metodikalarni joriy etish maqsadida joriy yilda Koreya, Rossiya va AQSH davlatlaridan 10 nafar xorijiy pedagog taʼlim jarayoniga jalb qilindi. Shuningdek, 29 nafar mahalliy pedagog va 5 nafar rahbar xodim Germaniya, Fransiya, Koreya davlatlarida malaka oshirib qaytdilar. Prezident sovrini uchun oʻtkazilgan “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovining viloyat bosqichida gʻolib boʻlgan Vobkent tumanidagi 1-sonli umumtaʼlim maktabi jamoasi Germaniya va Shveysariyada taʼlim sayohatida boʻlib qaytishdi.
Bundan tashqari, turli xorijiy oliygohlar va tashkilotlar bilan ham hamkorlik loyihalari amalga oshirilib, oʻquvchilarimiz ham xorijda taʼlim sayohatlarida boʻlib qaytishdi. Buxoro shahridagi 19- va 42-sonli maktablarning bir guruh oʻquvchilari Koreyada, 4-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari Germaniyada boʻlishdi.
Oʻquvchilarning sifatli taʼlim-tarbiya olishi uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Taʼlim muassasalari moddiy-texnik infratuzilmasiga kelsak, joriy yil Investisiya dasturi asosida viloyatdagi 39 ta maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan boʻlib, bu jarayonda 1 ta yangi maktab qurilib, 34 tasida rekonstruksiya, 4 tasida mukammal taʼmirlash ishlari bajarilgan. Bu loyihalarni amalga oshirish natijasida 9 ming 880 oʻquvchi oʻrniga moʻljallangan yangi oʻquv binolari, 8 ta sport zali va 222 oʻrinli yotoqxona foydalanishga topshirildi. Buning uchun 244 millard 400 million soʻm mablagʻ ajratilgan.
Press tur davomida ishtirokchilar masʼullar hamrohligida viloyat markazidagi 11- va 76-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida, shuningdek, 2-sonli umumtaʼlim maktabida boʻldilar. Matbuot anjumani davomida jurnalist va blogerlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









