Shofirkon: “Xoʻja Orif” mahallasida bolalar yozgi oromgohi qurilishi boshlandi
2024-12-26 12:55:00 / Yangiliklar
Nihoyat, shu boradagi kemtiklik oʻrnini toʻldirish maqsadida endilikda tuman markazidagi “Xoja Orif” mahalla fuqarolar yigʻinida zamon talablariga javob beradigan yozgi bolalar oromgohini barpo qilish maqsad qilingan. Viloyat hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi” injeniring kompaniyasi buyurtmasi asosida masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Mukammal loyiha” bosh loyihachiligida hududdan 7 gektar yer maydoni ajratilgani holda zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, zarur bino-inshootlar, sport maydonchalariga ega soʻlim maskanni qurishga kirishilmoqda. Buning uchun mahalliy pudratchi “Parvoz komfort” MCHJ tomonidan ayni kunda hududda yer qazish, tuproq ishlari boshlangan.
Zamonaviy yozgi oromgoh qurilishida barcha meʼyor va talablar inobatga olingan boʻlib, maskan umumiy qiymati 25 milliard soʻmga moliyalashtirilgan. Loyihaga muvofiq bunda maʼmuriy binolar, tibbiyot boʻlimi, bolalar va kattalar uchun standart oʻlchamdagi, tramplinga ega ochiq va yopiq suzish, choʻmilish havzalari, 100 oʻrinli 4 ta yotoqxona majmui, 400 oʻrinli yozgi amfiteatr, kutubxona va toʻgaraklar uchun xonalar, yozgi oshxona va 200 oʻrinli ovqatlanish ayvoni, basketbol, voleybol, minifutbol, shuningdek, sunʼiy chim va rezina qoplamali sport maydonchalari, basseyn va yuvinish-kiyinish xonalari qurib foydalanishga topshirilishi maqsad qilingan.
Shuningdek, bu soʻlim maskanda IT-axborot texnologiyalari xonasi, wi-fi xizmati, ochiq-yopiq tennis maydonchalari, musiqali favvora, dam oluvchilarning ota-onasi, qarindoshlari bilan diydorlashish uchun oʻndan ortiq “besedka”, tadbirlar uchun ochiq maydon, shuningdek, xoʻjalik ishlari uchun qoʻshimcha xonalar, yongʻinga qarshi hovuz barpo qilinishi rejalashtirilgan. Ayni paytda poydevor tiklash ishlari boshlangan manzilda albatta, oromgohni elektr energiyasi, tabiiy gaz, toza ichimlik suvi, qolaversa, sanitariya-gigiyena, oqava tarmoqlari kabi birlamchi zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, zamonaviy bolalar yozgi dam olish oromgohi uchun bugun nimaiki zarur boʻlsa, shu yerda loyihalashtirilgani maqsadga muvofiq. Loyihaning qay darajada sifatli, toʻla-toʻkis va benuqson amalga oshirilishi esa tashkilotchi, pudratchilar omilkorligi, jonbozligiga bevosita bogʻliq, albatta. Ayni paytda Xoʻja Orifda boshlangan xayrli saʼy-harakat mutasaddilar, mahalliy hokimlik kundalik nazoratida.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati