Buxoroda ham “Prezident archasi” bayram tadbiri o‘tkazildi
2024-12-25 12:55:00 / Yangiliklar
Viloyat musiqali drama teatrida an’anaviy “Prezident archasi” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bayram dasturiga viloyatimizning barcha shahar va tumanlaridan oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, chin yetim va ota-ona qaromog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning va ehtiyojmand oilalarning farzandlari taklif etildi.
Yurtboshimizning kelajagimiz egalariga ko‘rsatayotgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rliklari hamda yurtimizdagi bolajonlikning yorqin ifodasini o‘zida namoyon etgan tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, Prezidentimizning bolajonlarga yo‘llagan Yangi yil bayrami tabrigini o‘qib eshittirdi. O‘qishlariga omad tilar ekan, ularni yangi va yuksak marralarni zabt etishga undadi.
Bolalarga “Prezident sovg‘alari” topshirildi. O‘quv qurollari va shirinliklardan iborat tuhfadan o‘g‘il-qizlarning ko‘ngli shod bo‘ldi. Viloyatdagi 597 nafar bolaga mo‘ljallangan “Prezident sovg‘asi” tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bolalarga yo‘llangan Yangi yil bayrami tabrigi, 15 turdagi shirinliklar, 12 nomdagi o‘quv qurollari, yumshoq o‘yinchoqlar va boshqa sovg‘alar kiritilgan. Shuningdek, 12 yoshdan katta tarbiyalanuvchilar uchun tayyorlangan sovg‘alar tarkibidan velosiped va samokatlar ham o‘rin olgan.
Shundan so‘ng, “Prezident archasi” o‘rnatilgan katta sahnada madaniy bayram tadbiri boshlandi. Qorbobo va qorqiz ishtirokida viloyat teatri ijodiy jamoasining mehr-oqibat, ezgulikning yovuzlik ustidan hamisha g‘olib chiqishi, inson farzandi doimo yaxshilik va xayrli ishlarga intilib yashashi haqida hikoya qiluvchi ertak-spektakl namoyish qilindi. Bayramona bezatilgan archa atrofidagi sho‘x qo‘shiq, tarona va raqslar, bolajonlarga olam-olam quvonch, shodlik va hayajon, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Nafaqat viloyat markazi, balki har bir shahar va tumanda yangi yil bayrami munosabati bilan tashkil etilgan “Prezident archasi” tantanalari ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlarini keng qamrab olgan holda zo‘r uyushqoqlik bilan o‘tmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati