Xorijiy investitsiya: Buxoro delegatsiyasi Xitoyda
2024-12-18 14:35:00 / Yangiliklar

Topshiriqqa muvofiq, Buxoro viloyati hokimining oʻrinbosari Rizo Asadov boshchiligidagi delegatsiya shu kunlarda Xitoyda boʻlib turibdi.
Delegatsiya dastlab Guandun provinsiyasi yirik kompaniya rahbarlari bilan yangi yoʻnalishlarda istiqbolli hamkorlik loyihalarini amalga oshirish yuzasidan oʻtkazilgan uchrashuvlarda ishtirok etdi.
Dasturga koʻra, Guandjou shahridagi “Pengkai Environment Technology Corp.” kompaniyasining ish faoliyati bilan yaqindan tanishildi. “Pengkai Environment Technology Corp.” keng qamrovli uskunalar ishlab chiqaruvchi kompaniya boʻlib, uning bosh ofisi Guandjou shahridagi Panyu Tianʼan energiya tejovchi fan va texnologiya parkida joylashgan.
Kompaniya "Blue Moon", "GDH Water", "Everbright Water", "CNOOC", "British BP", "Wang Laoji", "Central Asia Aluminum", "Guangzhou Metro", "Zhongyuan Middle School" va boshqa yuzlab suvni tozalash loyihalari boʻyicha shartnomalar imzolagan.
Kompaniya mahsulotlari Xitoy boʻylab foydalanuvchilar va 40 dan ortiq boshqa mamlakatlardan kelgan mijozlar tomonidan sotib olinib, yuqori baholanmoqda.
Shu bilan birga, kompaniya oqova suvlarni tozalash boʻyicha muhandislik sohasida boy tajribaga ega guruhni shakllantirgan. Suvni tozalash uskunalari va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha yangi materiallarni ishlab chiqishi yuqori texnologiyalarga asoslangan boʻlib, xalqaro ilgʻor darajaga ega. Ushbu tadqiqotlar, ishlanmalar va mahsulotlar nafaqat sezilarli iqtisodiy foyda keltiradi, balki katta ijtimoiy ahamiyatga ega. Ushbu mahsulotlar insonlarning sogʻliq ehtiyojlarini qondirish bilan birga, yuqori texnologiyalar yordamida atrof-muhitni muhofaza qilish siyosatiga ham mos keladi.
Kompaniya prezidenti Vang Guobin bilan oʻtkazilgan uchrashuvda ikki tomonlama strategik sheriklikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Rizo Asadov viloyatning iqtisodiy rivojlanish holati, mavjud imkoniyatlar hamda istiqboldagi rejalar haqida toʻxtaldi.
Vang Guobin viloyatdagi qulay biznes muhiti va xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar unda katta qiziqish uygʻotganini taʼkidladi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi va sanoat ishlab chiqarish sohalarida hudud salohiyatini yuqori baholab, Buxoroga Guandun provinsiyasidan investorlarni jalb qilishda amaliy koʻmak berishga tayyorligini maʼlum qildi.
Uchrashuvda Buxoro viloyatida oqava suvlarni qayta ishlash orqali qishloq xoʻjaligida hamda sanoatda foydalanish, suvni qayta ishlash uskunalarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish masalalari batafsil koʻrib chiqildi.
Kompaniya rahbari tomonidan ushbu taklifga katta qiziqish bildirilib, 2025-yilning birinchi choragida Buxoro viloyatiga oʻrganish ishlari olib borish uchun tashrif buyurishga kelishildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati



