Olot: "Nuraziz textile" va "Zebiniso kids" tikuvchilik korxonalari imkoniyatlarini oshirmoqda
2024-12-13 17:45:00 / Yangiliklar

Shu oʻrinda, eksportga moʻljallangan va import oʻrnini bosadigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, mahalliy xom ashyo va resurslar negizida ichki va tashqi bozor talablariga javob beradigan sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarish sanoatning muhim vazifasi ekan, bunda Olot tumanida ham qator chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Jumladan, "Yosh botir" MFY dagi kasb-hunar maktabida faoliyat olib borayotgan "Nuraziz textile" MCHJ ham bugunga kelib 45 kishilik mehnat jamoasiga aylanib, oʻzining tayyor mahsulotlari bilan viloyatimiz va respublikamizda, hatto, qoʻshni Turkmaniston respublikasida ham xaridorini topgan korxonalardan.
Korxonada ayni kunda 12 turdan ortiq ayollar va erkaklar sport kiyimlari, bolalar kiyim-kechagi, maxsus korjomalar tikib tayyorlanmoqda. Tayyor mahsulotlarning asosiy qismi qoʻshni Turkmaniston bozoriga chiqarilmoqda. Ishchi xizmatchilarga oʻrtacha 2,5-3 million soʻm oylik maosh tayinlangan.
Zamonaviy andozadagi, xilma-xil mahsulotlar sifati va koʻrinishi, boshqa tikuv fabrikalardan qolishmaydigan raqobatbardoshligi bilan ajralib turibdi. Muhimi, ayni kunda ishni barqaror tashkillashtirib, buyurtmalarni sifatli tikib tayyorlash bilan band chevarlar jamoasi mehnatiga yarasha moddiy manfaatdor boʻlmoqda.
Hozirda mavjud imkoniyatlarni kengaytirish, kasb-hunar maktabi bilan sex faoliyati uzviyligini taʼminlash, yaʼni tikish-bichishni oʻrgangan har bir qiz shu yerda faoliyat olib borishi kerakligi ustida bosh qotirilmoqda.
"Jayxunobod" mahallasidagi 9-son umumtaʼlim maktabida faoliyat olib borayotgan "Zebiniso kids" MCHJ esa ayni kunda 25 ta zamonaviy rusumdagi “Jack” rusumli tikuv mashinasi va matoga bezak beruvchi “overlo” va boshqa uskunalar bilan jihozlangan boʻlib, bunda bichuvchi, dazmol bosuvchi, qadoqlovchilar bilan birga oʻttizga yaqin chevar bolalar uchun trikotaj mahsulotlarini tikib tayyorlamoqda.
Taʼkidlash joizki, tadbirkor ayol Dilnoza Sayliyevaning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-sentyabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida 50 million soʻmga teng grant mablagʻiga loyiq topilgani korxona faoliyatiga zamin yaratdi.
Quvonarlisi, "Zebiniso kids" MCHJ koʻp yillardan beri barqaror faoliyat olib bormoqda. Mutasaddilar esa buyurtmalar orqali mahsuldorlikni oshirish, ishchi oʻrnini koʻpaytirish, albatta, bundan qoʻlga kiritiladigan daromadni oshirish harakatidalar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






