Vobkent: Muhiba Xolova oilasi issiqxonani kengaytirish harakatida
2024-12-04 11:05:00 / Yangiliklar

Chog‘roqqina ekin yeridan yilda uch martagacha hosil olish hadisini o‘zlashtirgan mirishkor oilalar ko‘p. Pomidor, bodring, kartoshka, piyoz, karam, oshqovoq va boshqa sabzavot mahsulotlari, “to‘qsonbosti” ekinlar, qolaversa, qishki mavsumda ham ismaloq, ko‘kat yetishtirib mo‘may foyda olish, ayniqsa, erta bahordan aholi tomorqalari uchun issiqxonalarda ko‘chat yetishtirib sotish keng urfga aylangan. Bunday kezda shakarkentliklarning yarmidan ko‘pi pomidor, bulg‘or qalampiri, karam, baqlajon, qulupnay kabi mahsulot ko‘chatlarini tayyorlab, yetishtirib chiqarmoqda. Ko‘p yildirki, bu hududdagi mahalla va qishloqlar mirishkorlari nafaqat o‘zlarida, balki qo‘shni tumanlardan keladigan xaridorlarga ham sabzavot mahsulotlarini sotib, mehnatlariga yarasha foyda ko‘rishmoqda.
Tumanda tomorqadan samarali foydalanib, oila farovonligi, bozorlarimiz to‘kinligiga munosib hissa qo‘shayotgan mirishkor tomorqachi va dehqon xo‘jaliklari faoliyati respublika mas’ullari, ishchi guruhi tomonidan muntazam o‘rganilib, Shakarkent mahallasi tajribasini ommalashtirish choralari ko‘rilmoqda.
“Shakarkent” MFY raisi A. Asadovning bildirishicha, hududda tomorqa madaniyati shakllanib borayotgani uy xo‘jaliklarida mahsulot yetishtirish orqali tadbirkorlikka dadil qadam bo‘lmoqda. Zero, ayni kunda mahalladagi har ikki xonadonning biri issiqxonasiga ega bo‘lib, yilning to‘rt faslida sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda.
Shu mahallada istiqomat qiluvchi Muhiba Xolova ham tajribali sohibkorlardan. U atigi ikki sotixli issiqxonasida shu kunlarda “Rekord” naviga mansub 500 tupdan ortiq bodring ko‘chati va “Meyer” navli limonning 40 tupini o‘tqazib parvarishlamoqda. Tomorqaning bir sotixdan ortiq yerida ko‘k piyoz va sarimsoqpiyoz, turli ko‘katlar ham ekib yetishtirilmoqda.
— Tijorat bankidan 10 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini olib, issiqxona tashkil etganmiz. Serhosil yerimiz, daromad olishga keng hovlimiz bor ekan, har birimiz tomorqadan samarali foydalansak, ro‘zg‘orimiz to‘kinligini ta’minlagan bo‘lamiz, – deydi mirishkor Muhiba Xolova. — Bugun farzandlarimiz ham oilamizdagi mehnat va tartib-taomil asosida yashashga intilib, astoydil harakat qilishmoqda. Ilgari ekin yeridan chiqmasdan ishlaydigan qo‘shnimizga havas qilardik. Issiqxona qurishga moliyaviy jihatdan qiynalganimizda mahalla va tuman hokimligi ko‘magida “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida imtiyozli sarmoyaga ega bo‘ldik. Shukrki, bundan faqat daromad bilan chiqib, ko‘zlagan hosilimizni olyapmiz. Endilikda issiqxonamizni kengaytirib, hosildorlikni oshirish harakatidamiz.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









