“Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi!”
2024-12-03 10:00:00 / Yangiliklar

Binobarin, mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab aholini ijtimoiy muhofaza qilishni yanada kuchaytirish, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga, ehtiyojmand nogironlarga hayotda keng imkoniyat va shart-sharoit yaratib berish masalasiga alohida ahamiyat berib kelinmoqda. Xalqaro nogironlar kunining mamlakatimizda ham keng nishonlanishi hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan kuchli va manzilli ijtimoiy himoya siyosatining yaqqol ifodasidir.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992-yil 14-oktabrdagi qarori bilan “3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni” deb e’lon qilingan. Ushbu sana har yili butun dunyo bo‘ylab keng nishonlanadi va bundan asosiy maqsad jismoniy imkoniyati cheklangan va ruhiy nuqsoni bo‘lgan fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga har jihatdan madad bo‘lishdir.
Kuni kecha Buxoro shahar ma’muriy sektorlari rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari hamda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi o‘z jamoasi ishtirokida “Buxoro Muruvvat uyi”da xayriya bayram tadbirini tashkil etdilar.
Tadbirda so‘z olganlar bu borada aholiga ko‘proq yondashuv asosida professional ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini joriy qilish maqsadida davlatimiz rahbarining 2023-yil 1-iyundagi "Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni qabul qilingani, bu Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi ham tashkil etilgani, endilikda agentlik tizimlari tomonidan og‘ir ijtimoiy holatga tushgan va tushish xavfi bo‘lgan aholi vakillari bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yilganini e’tirof etdilar.
Bayram tadbiri davomida bolajonlarga bir qator sovg‘alar ulashildi. Shu bilan birga “Yashil makon” umumilliy dasturi doirasida muassasa xo‘jalik yeriga 300 tupga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









