Vobkent: Shirin — etnoturizm qishlogʻi maqomini oldi
2024-11-28 15:45:00 / Yangiliklar

Jumladan, Vobkent tumanini olsak, oʻtgan asr 20-yillarida tashkil topgan hudud bugunga kelib 44 ta mahalla fuqarolar yigʻinini oʻz ichida olgan. Chunonchi, tumanda tarixiy manzillar, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjo va maqbaralar, masjid va xonaqolar boʻlib, ulardan koʻzga koʻringanlari Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviy ziyoratgohi, Chashmai Ayyub xazirasi, Vobkent minorasi, Mavlono Yaʼqub Charxiy (Tosh masjid), koʻhna hammom kabi tarixiy obidalari bilan tuman turizm salohiyati rivojlanmoqda.
Tumanda keyingi yillarda yana bir etnik qishloq — “Shirin” MFY dagi Shirin qishlogʻi oʻziga xosligi, tarixiy anʼana va qadriyatlari, mahalliy urf-odatlari bilan etnoturizm qishlogʻi sifatida rivojlantirilmoqda. Qishloqda shoʻrdanak bilan birga quruq mevalar, milliy shirinliklar, poliz ekinlari va hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan meros sanaladi. Qishloq hunarmand chevar ayollari bu mahsulotlarni tayyorlashda har bir koʻchadan bitta xonadonga yigʻilishib, qadimgi anʼanalar, milliy kuy-qoʻshiqlarni ijro etishib, laparxonlik, qadimgi rivoyatlardan oʻqib mehnat qilishni odatga aylantirishgan.
Bunda bir nechta oʻtovlar tayyorlangan boʻlib, bir tomonda alohida suv havzasi tayyorlanib, bir yoqda alohida ogʻilxona qurib, unda sigir-buzoq, qoʻy-echki, tovuq, oʻrdak, kurka kabi parranda yoki quyon parvarishi olib borilayotgani ham mehmonlar qiziqishi va hayratini oshirishi tabiiy.
Shu bilan birga, Shirin turizm qishlogʻida tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan 20 dan ortiq mexmon uyi, 10 ga yakin hunarmandchilik markazi, 20 dan ortiq savdo va umumiy ovqatlanish shahobchasi, oʻttizga yaqin baliqchilik, halvopazlik, shoʻrdanak tayyorlash kabi xizmatlar, xorijiy hamda mahalliy sayyohlar uchun Wi-Fi nuqtalari, tashkil etish orqali 300 nafar kishini ish bilan band qilish imkoniyati yaratilmoqda.
Umuman, yillar davomida qishloq hunarmandlari, kosiblari, qandalotchilari kundalik ish faoliyati, zardoʻzlarining milliy hunarmandchilik sirlari, turli mazali milliy taomlarini tayyorlash jarayoni mehmonlar hayratiga sabab boʻlib keladi. Soʻnggi paytda bu qishloq xorijiy sayyohlarning ham gavjum sayohat manzillaridan biriga aylanib bormoqda.
Kuni kecha Shirin qishlogʻiga rasman etnoturizm qishlogʻi maqomini berishga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimining oʻrinbosari B. Shaxriyorov, respublika Turizm qoʻmitasi eksporti T. Mirzayev, mazkur qoʻmita boshqarma boshligʻi A. Maksimov, Buxoro davlat universiteti rektori O. Hamidov, Vobkent tumani hokimi F.Umarov va boshqalar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Bunda Shirin — etnoturizm qishlogʻini yanada shakllantirish, hududdagi “Shirin etno house” markazi faoliyatini rivojlantirish, hunarmandlar markazi, qadimiy sandal uylar, dehqonchilik asbob-anjomlari tayyorlash, ot va tuyada sayr qilish, qadimiy tosh tegirmon ishi, shuningdek, asalarichilik, shoʻrdanak va milliy shirinliklar, qandolat mahsulotlari tayyorlash kabi udumlarni maromiga yetkazib, chet ellik mehmonlarga ham namoyish etish, targʻib etishga eʼtiborni kuchaytirish zarurligi aytildi.
Tadbir davomida yigʻilganlar etnik qishloq koʻkalamzorligi uchun daraxt koʻchatlarini oʻtqazdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









