Buxoroda “Jadidlar izidan” tanlovining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi
2024-11-21 14:30:00 / Yangiliklar

Tanlovning buxorolik jadid bobomiz Fayzulla Xoʻjayev uy muzeyida tashkillashtirilganligi ham ishtirokchilarga oʻzgacha kayfiyat baxsh etib, jadidlar yashagan davr va muhitni his etish imkonini berdi. Tadbir avvalida Fayzulla Xoʻjayev haykali poyiga gulchambar qoʻyilib, bobokalonimiz siymosiga hurmat-ehtirom koʻrsatildi.
Tanlovning tantanali ochilish marosimida respublika Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi vakillari hamda viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi mutasaddilari soʻzga chiqib, ishtirokchilarga omad tiladilar.
Shundan soʻng tanlovga start berildi. Unda 2 ta yosh toifasida shahar va tuman bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 26 nafar yosh isteʼdod egasi ishtirok etib, boshqotirma, savol-javob va asar tahlili shartlari asosida oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazdilar.
—Nihoyatda qizgʻin, murosasiz kechgan sinovlar natijasiga koʻra, umumtaʼlim maktablarining 6-7-8-sinflari oʻquvchilari oʻrtasida birinchi oʻrinni Buxoro shahridagi 20-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Madina Sharopova egallagan boʻlsa, keyingi faxrli oʻrinlar Vobkent tumanidagi 3-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Zafar Murodov hamda Shofirkon tumanidagi 6-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Goʻzalxon Salimovaga nasib etdi,—deydi viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Nozima Xoliqova.— Tanlovning 9-10-sinflar oʻrtasida kechgan bahslarida Buxoro tumanidagi 4-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Mashhura Tolibova oʻz tengsizligini isbotlab, birinchi oʻringa munosib topilgan boʻlsa, faxrli ikkinchi va uchinchi oʻrinlarga Jondor tumanidagi 45-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Marjona Fayziyeva hamda Vobkent tumanidagi 18-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Aziza Turopova egalik qildilar.
Endilikda mazkur tanlovning birinchi oʻrnini band etgan yosh iqtidor sohiblari respublika bosqichida viloyatimiz sharafini munosib himoya qiladilar.
Tanlovning viloyat bosqichi gʻoliblari va ishtirokchilari tashkilotchilar, viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan dimlom va tashakkurnomalar, esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar. Eslatib oʻtamiz, respublika bosqichi yakunlariga koʻra har bir sinf toifasi boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan jami 14 nafar yosh isteʼdod egasi xorijiy davlatga taʼlim sayohatiga yuboriladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








