Shofirkon: “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining amaliy madadi bilan...
2024-11-16 20:40:00 / Yangiliklar

Ushbu markazlar mahallalarda har bir xonadon turmushi, iqtisodiy ahvolini oʻrgangan holda ijtimoiy pasportlarini shakllantirmoqda. Ayni shu maqsadda viloyatimiz shahar-tumanlarida mahallada kompleks ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchi xodimlar faoliyat boshladi. Ular tomonidan mahallaning oʻzida endilikda 20 tadan ortiq xizmat turlari tashkil etilmoqda. Bu orqali mahallaning oʻzida jumladan, moddiy yordam, ijtimoiy xizmatlar, bandlik, subsidiya, kredit va boshqa murojaatlar hal etilmoqda.
Shofirkon tuman "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan 9-son musiqa va sanʼat maktabida "Aholiga koʻmak—oliy qadriyat" shoiri ostida kouching tashkil etildi. Tadbirda tuman hokimligi, markaz xodimlari, tibbiyot birlashmasi, mahallalar faollari ishtirok etdilar.
Kouchingda Ijtimoiy himoya Milliy agentligi tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami uchun davlat tomonidan koʻrsatilishi kafolatlangan xizmatlar va yordamlar samaradorligiga eʼtibor qaratildi. Bu toʻgʻrida yigʻilganlarga maʼlumot berlib, fuqarolar bilan psixologik trening mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Samimiy muloqot tarzida oʻtgan kouchingda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi amaliy madadidan bahramand boʻlgan fuqarolar, ehtiyojmand oilalar vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Ayniqsa, ”Men uddaladim" ijtimoiy loyihasida jismoniy imkoniyati cheklanganiga qaramasdan, oʻz qatʼiy maqsadi, shijoati bilan hayotda yoʻlini topgan yurtdoshlarimiz alohida eʼtirof qilindi.
Jumladan, Nogironlar jamiyati tuman kengashi raisi Dilrabo Namozova, imoniyatlari cheklangan boʻlishiga qaramay onlayn oʻquv kurslarida samarali ishtirok etib, xalqaro sertifikatga ega boʻlgan va hozirda Buxoro davlat universiteti ingliz filologiyasi fakultetida tahsil olayotgan Xoʻja Oriflik Aleksandra Isxakova, oʻnlab shogirdlariga ega matematika fani oʻqituvchisi Doniyor Gʻaybullayev, mirzoqullik matonat sohibi Mansur Aʼzamov, mahallada tadbirkorlik markazini ochib, 20 nafarga yaqin nogironligi boʻlgan fuqaroni ish bilan taʼminlayotgan pattaxonlik Oybek Asrorov, shuningdek, uyida oʻz bejirim hunarmandchilik mahsulotlarini yasab tayyorlab, daromad topayotgan Raʼno Obidovalarning ibratli hayotiy tajribasini ommalashtirish chora-tadbiri ishlab chiqildi.
Shuningdek, tadbirda “Inson” markazi tomonidan mahallalarda xatlov jarayonida aniqlangan ehtiyojmand fuqarolar murojaatiga binoan hamkor tashkilotlar bilan tugʻilganlik guvohnomasi, fuqarolik pasporti, nogironlik nafaqasi tiklab berilgan Jalol Xolmurodov va boshqalarga, shaxsiy hujjatlari bilan birga 9 million 360 ming soʻmlik vaucher, qolaversa, salomatligini tiklash uchun sanatoriy-profilaktoriylariga navbati kelgan onaxonu otaxonlarga yoʻllanmalar topshirildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







