Buxoro tumanidagi 1-sonli IDUM qayta chiroy ochdi
2024-11-11 16:40:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 30-dekabrdagi “2023-2025-yillarda Oʻzbekiston respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilgi Investitsiya dasturi doirasida Buxoro tumanidagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi binosini mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Mazkur loyihani toʻla-toʻkis bajarish uchun davlat byudjetidan umumiy qiymati 11 milliard 500 million soʻm mablagʻ ajratilgan.
Oʻtgan oylarda 1 ming 176 oʻquvchi oʻrniga ega maktab binosi zamon talablariga mos holda toʻliq qayta taʼmirlandi. Bunda pudratchi sifatida Sherzod Halimov rahbarligida “Fast quality building” MCHJ ning mohir quruvchilari alohida jonbozlik koʻrsatishdi. Endilikda zamonaviy andoza asosida qayta chiroy ochgan taʼlim muassasasida 90 nafar oʻqituvchi muallim barkamol avlod vakillariga saboq berishmoqda.
Qayta bunyod etilgan umumtaʼlim maktabini foydalanishga topshirish marosimida tuman mutasaddilari, maʼmuriy sektorlar rahbarlari, faxriy pedagoglar va maktab jamoasi ishtirok etdilar. Tadbirda taʼlim maskani bunyodkorlariga alohida ehtirom koʻrsatildi. Inshootning ramziy lentasi qirqilgach, tadbirda yigʻilganlar unda ertamiz egalari uchun yaratilgan shart-sharoit va talabga yarasha jihozlangan sinf xonalari bilan yaqindan tanishdilar.
— Ixtisoslashgan maktabimiz oʻtgan asr qirqinchi yillarida qurib ishga tushirilgan boʻlib, keyingi yillarda taʼmirtalab va yaroqsiz holdaligi oʻquvchilar va ular ota-onalari eʼtiroziga sabab boʻlib kelayotgandi, – deydi 1-sonli IDUM direktori Umida Sodiqova. — Yurtimizda yoshlar taʼlim-tarbiyasiga qaratilayotgan eʼtibor tufayli nihoyat, 1 ming 176 oʻquvchi oʻrniga ega maskan qayta mukammal taʼmirlandi. Yangi zamonaviy bino foydalanishga topshirilishi bilan hozirda oʻqitish ishlarini ham yangi bosqichga koʻtarish harakatidamiz. Muhimi, bundagi bunyodkorlik ishlaridan maktabimiz jamoasi, ayniqsa, ota-onalar behad mamnun.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









