Rabotakda 6 gektardagi turp va sabzi hosili saranjomlanmoqda
2024-11-02 17:50:00 / Yangiliklar

Buxoro tumanining “Rabotak” mahalla fuqarolar yigʻinida ayni paytda 2 ming 179 ta xonadonda 7 mingga yaqin aholi umrguzaronlik qilmoqda. Mahallada tomorqachilik anchagina rivojlangan. Ayni kunda hududni “bir mahalla—bir mahsulot” tamoyiliga ixtisoslashtirish, bunda uy xoʻjaliklari daromadini yanada oshirish, ekin turlarini koʻpaytirish, yiliga kamida uch martagacha hosil olishni yoʻlga qoʻyish, bunda mahalla masʼullari, “yettilik” faolligini kuchaytirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish ishlariga eʼtibor qaratilmoqda.
Birgina, "Rabotipoyon" MFY misolida oladigan olsak, hudud drayveri—dehqonchilik va bogʻdorchilik yoʻnalishidan kelib chiqib, aholi bandligi taʼminlanmoqda va shu orqali oilalar moddiy manfaatdorligi oshmoqda. Mahallada takroriy ekin sifatida “toʻqsonbosti” usulida sabzavot va koʻkatlar yetishtirish tajribasi shakllangan.
Masalan, hududda Laziz Joʻrayev, Nurullo Jumayev, Beshim Axmedov, Roʻzimurod Sherov, Gulsara Qudratova, Gulmira Yangiyeva singari mirishkor tomorqachilar saʼy-harakati bilan ochiq va yopiq maydonda yilning toʻrt faslida sabzavot-poliz mahsulotlari, koʻkatlar, hatto apelsin, mandarin, limon kabi sitrus mevalar yetishtirib, ham oʻzi, ham mahalladoshlari dasturxoni toʻkinligini taʼminlab kelayottganlar bor. Bu peshqadam xoʻjaliklarning har birida 10 sotix atrofida tomorqasi boʻlib, shundan aksariyatida issiqxona xoʻjaligida faoliyat yuritib kelinayotgan ham oilalar uchun daromad manbai boʻlmoqda.
Shu kunlarda esa “Oʻktam Ibrohim Toʻqli” fermer xoʻjaligi dalalariga yondosh dehqon xoʻjaliklarida tomorqa mehnatkashlari tomonidan yetishtirilgan turp va sabzi hosili kovlab olinmoqda. Bu mavsumda “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida dehqon xoʻjaliklarida 6 gektarga yaqin maydonda turp va sabzi yetishtirgan mirishkorlar hademay 200 tonnadan oshirib xirmon koʻtarish va albatta, shunga yarasha moʻmay foydani qoʻlga kiritish harakatidalar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




