Muhammad Monirul Islom: “Buxoroga kelishni istovchi bangladeshliklar nihoyatda koʻp!”
2024-11-02 17:35:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Bangladesh izchil iqtisodiy oʻsish surʼatlarini koʻrsatayotgani, maqsadlar mushtarakligi, hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Muhammad Monirul Islom soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashqi siyosatda mislsiz faollik, oʻzgarishlar amalga oshirilayotganini, nisbatan qisqa davr ichida bu yoʻlda amalga oshirilgan ishlarni xalqaro hamjamiyat ham tan olayotganini eʼtirof etdi.
Shunga Oʻzbekistonda ziyorat turizmi uchun katta imkoniyatlar yaratilayotganligini, jumladan, yangi turizm obyektlari, dam olish maskanlari, gastronomiya va ziyorat turizmi yoʻnalishi boʻyicha yuksak salohiyatga ega ekanligini, qolaversa, hadis ilmi olimlarining ustozi Muhammad al-Buxoriy, Naqshbandiya tariqatining koʻplab yetuk izdoshlari aynan shu zamindan chiqqanligini alohida taʼkidladi.
Elchi qadimiy shaharda saqlanayotgan jahon ahamiyatiga molik tarixiy-madaniy meros namunalari bangladeshlik sayyohlar orasida mashhur ekani va keyingi yillarda Buxoroga sayohat qilish istagida boʻlganlar soni ortib borayotganini taʼkidladi.
— Bangladesh bilan Oʻzbekiston oʻrtasida anʼanaviy doʻstona munosabatlar rivojlanib kelgan. Umumiy tariximiz va oʻzaro mushtarak madaniyatlarimiz bunda muhim oʻrin tutadi. Shu bois Oʻzbekistonning bangladeshlik sayyohlar uchun jozibasi baland. Oʻzbekistonni koʻrishni, xususan, Buxoroda qoʻnim topgan yetti pirlarni ziyorat qilishni istovchi 170 millionlik aholisiga esa Bangladesh fuqarolari nihoyatda koʻp. Toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslarning qayta yoʻlga qoʻyilishi Oʻzbekiston va Bangladesh kabi tarix va madaniyatga boy mamlakatlarda turizm rivojiga yangi bosqich baxsh etadi, - dedi u.
Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonga sayohat qilmoqchi boʻlgan bangladeshlik sayyoh uchinchi mamlakat, asosan, Hindiston, Tailand yoki Dubay aeroportlari orqali Toshkentga yetib keladi. Oʻzbekiston va Bangladesh oʻrtasida havo qatnovi yoʻlga qoʻyilishi nafaqat turizm, balki savdo-iqtisodiy munosabatlar rivojiga hissa qoʻshadi, xalqlarimizning yanada yaqinlashishiga xizmat qiladi.
Qayd qilinishicha, Bangladesh va Oʻzbekiston oʻrtasida 1993-2005-yillarda toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar amalga oshirilgan.
Uchrashuvda ishtirok etgan viloyat hokimi Botir Zaripov Buxoroning turizm salohiyatini Bangladeshda keng targʻib qilish, turizm sohasi vakillariga yaqindan tanishtirish, bangladeshlik sayyohlar oqimini Buxoroga yoʻnaltirish uchun aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish, Bangladesh sayyohlari uchun Buxoro boʻylab turistik marshrutlar ishlab chiqish yuzasidan takliflarini bildirdi.
Shuningdek, muloqotda Bangladesh va Buxoro oʻrtasida toʻqimachilik, gilamchilik va boshqa sohalardagi hamkorlikning mavjud salohiyatini roʻyobga chiqarish, ikki hudud tadbirkorlik subyektlari oʻrtasidagi bevosita aloqalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuvda madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari ham koʻrib chiqildi. Ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator muhim kelishuvlar boʻyicha muzokaralarni jadallashtirishga kelishib olindi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









